Juma, 04 Sentyabr 2020 15:57

Creative Spark. Yangi imkoniyatlar va istiqbollar

2018- yilda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Creative Spark Higher Enterprise Programme loyihasi tanlovida ishtirok etib, O‘zbekistonning 24 ta universiteti orasida g‘olib bo‘ldi. Ushbu loyiha 5 yilga mo‘ljallangan. Dastlabki ikki yil mobaynida universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari nafaqat HR, marketing, moliya, ishlab chiqarish va menejment sohalarida tajribasini rivojlantirishga ko‘maklashadigan nazariya va amaliyotni birlashtirgan seminar va ma’ruzalarda, balki Big Idea Challenge tanlovida ham faol ishtirok etdilar. Mazkur tanlov har yili O‘zbekiston talabalari uchun turli yo‘nalishlarda o‘tkaziladi.

2019-2020- o‘quv yilida Creative Spark loyihasi doirasida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida Umida Abduvaxobova koordinatorligida “Ingliz tili” klubi faoliyat olib bordi. Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida universitetga Macmillan va Pearson nashriyotining 90 ga yaqin kitobi CD disklari bilan birga taqdim etildi. Ta’kidlash joizki, ushbu kitoblarning bir qismini badiiy adabiyotlar, qolgan qismini esa “Business English”, “Intelligent English”, “English in Marketing and Management” kabi turli sohaga oid kitoblar tashkil etadi. Mazkur kitoblar Creative Spark loyihasi koordinatori va xalqaro faoliyatni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Alisher Komilovga Toshkent shahriga rasmiy tashrifi chog‘ida topshirildi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, loyiha koordinatori A.Komilov va Queen Margaret University dekani Mark Robertsonning muzokaralari natijasida “Business Incubation” qo‘shma loyihasini ochish kelishib olindi. Unga ko‘ra, universitet talabalari, shuningdek, turizm sohasidagi kichik va o‘rta biznes vakillari uchun biznes treninglar tashkil etiladi. Loyiha doirasida 2020-2021- o‘quv yilining boshida universitet o‘qituvchilari Queen Margaret universitetida (Shotlandiya) amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilamizki, joriy yilda O‘zbekiston loyihasida ishtirok etgan 13 ta universitet orasida faqat “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Creative Spark loyihasida ishtirok etishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O'qilgan 3742 marta
Kategoriya Yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar