Manzil: O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17-uy

Telefon: +998(66) 233-5647
Fax: +998(66) 233-6306
Email: txudevonxona@umail.uz

Sahifalar

PDF

Stipendiyalar

Talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari
va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
     1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasalari (bakalavriat va magistratura bo‘yicha alohida) talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga binoan tayinlanadi.
     2. Talabalarga tayinlash uchun belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi kvotasi (o‘n bitta) quyidagi ta’lim yo‘nalishlaridan har biri bo‘yicha bittadan stipendiya hisobidan bakalavriat va magistratura uchun alohida-alohida taqsimlanadi:
  • qishloq va suv xo‘jaligi;
  • texnika va informatika;
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot;
  • ijtimoiy-gumanitar va ijtimoiy fanlar;
  • tabiiy fanlar;
  • biznes va boshqaruv;
  • pedagogika;
  • madaniyat, san’at va sport;
  • xorijiy tillar;
  • huquq va xalqaro munosabatlar;
  • jurnalistika.
Ushbu ro‘yxatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan har o‘quv yili boshida, ta’lim yo‘nalishlaridagi ustuvorliklarni o‘zgartirishning maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasiga binoan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
     3. Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:
  • umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
  • yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
  • kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;
  • tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy chet tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi yoki magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
  • O‘zbekiston tarixini bilish.
Tillarni, axborot texnologiyalarini, O‘zbekiston tarixini bilish bo‘yicha talab darajalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar ushbu fanlar bo‘yicha o‘z bilim darajasini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (mintaqalar bo‘yicha) maxsus test sinovlari topshiradilar. Markaz yakuniy vedomostlarni test sinovlari natijalari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.
     4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga nomzodlar ko‘rsatish, talabgorlar nomzodlarining o‘qishdagi va ilmiy (ijodiy) faoliyatdagi muvaffaqiyatlari ommaviy ravishda muhokama qilingandan so‘ng, davlat oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.
Talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni topshiradilar:
  • sinov daftarchasidan ko‘chirma;
  • dekanat, kafedra tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi;
  • rahbarning fikr-mulohazalari;
  • ilmiy (ijodiy) ishga taqriz;
  • ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari.
Barcha hujjatlar ikki nusxada taqdim qilinadi. Hujjatlarning har bir to‘plami jildga joylanadi, har bir jild muqovasida ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, ishning nomi ko‘rsatiladi.
     5. Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalarini tayinlash uchun stipendiatlar nomzodlarini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar.
Ilmiy kengashlar qarorlari vazirliklar va muassasalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tavsiyanoma yuborishi uchun asos hisoblanadi.
     6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Hujjatlarni qabul qilish muddati — 1—15 avgust, ko‘rib chiqish muddati — 10—25 sentyabr.
     7. Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati qarori bilan amalga oshiriladi.
Stipendiyalar tayinlanishidan avval talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasi puxta ekspertizadan o‘tkaziladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga talabgorlar orasidan tanlab olish yuklanadigan maxsus tanlov komissiyasi tuzadi;
  • talabgorlarning ta’lim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarligi darajasini baholash maqsadida ishlarni ko‘rib chiqish uchun yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertlar guruhlari tuzadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar bo‘yicha imtihon komissiyalarini tashkil etadi, test topshiriqlarini ishlab chiqadi;
  • tanlov komissiyasi va ekspert guruhlarining ish tartibini belgilaydi;
  • tanlov komissiyasi majlislarini o‘tkazish muddatlarini belgilaydi.
     8. Tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazadi hamda talabgor va uning ishi uchun ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda talabalar nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun tavsiya qiladi.
Agar ovoz berishdan so‘ng talabgorlar soni belgilangan kvotadan ko‘p bo‘lsa, ustunlik eng ko‘p ovoz olgan talabgorlarga beriladi.
Tanlov komissiyasining qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.
Tanlov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohibi bo‘lolmagan, lekin eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan tanlov qatnashchilarini boshqa davlat stipendiyalariga tavsiya qilish huquqiga ega.
     9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’atining qarori davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqida buyruq tayyorlashi uchun asos bo‘ladi.
     10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari talabalarga har yili, bir o‘quv yili uchun, 1 sentyabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qat’iy rioya qilingan holda tayinlanadi.
     11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga «Prezident stipendiyasining sohibi» guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati majlisida tantanali ravishda topshiriladi.
   12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohiblari bo‘lgan talabalar davlat oliy ta’lim muassasasini bitirgach, ikki yil davomida magistraturaga grant asosida (bakalavr-stipendiatlar) va tayanch doktoranturaga (magistr-stipendiatlar) kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.
Bir necha talabgorlarning tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha ular tomonidan to‘plagan yakuniy ballari teng bo‘lgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblari;
  • magistraturani a’lo baholar bilan tamomlaganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega bo‘lganlar.
     13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar o‘qishni tamomlagandan so‘ng ikki yil mobaynida magistraturada (bakalavr-stipendiatlar uchun) o‘qishni davom ettirish maqsadida xorijga yuborilish huquqini saqlab qoladilar.
     14. Kundalik darslarni o‘zlashtirmaydigan, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzgan talabalarni o‘quv yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalaridan mahrum qilish tasarrufida talaba o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.
     15. Talabalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
      1. Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari (keyingi o‘rinlarda — davlat stipendiyalari deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalariga tayinlanadi.
     2. Kelgusi o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha davlat stipendiyalarini taqsimlashni ta’lim ixtisosiga va talabalar soniga muvofiq amalga oshiradi.
       3. Stipendiyalarni tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:
a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar uchun esa o‘qish olib boriladigan tilni qo‘shimcha ravishda bilish talab qilinadi;
Tillarni bilish bo‘yicha umumiy talablar darajasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan, oliy ta’lim muassasalarining tillar bo‘yicha ixtisoslashmagan mutaxassisliklar uchun xorijiy tillarga bo‘lgan talablari hajmida belgilanadi.
Davlat stipendiyalariga talabgorlar ushbu tillar bo‘yicha o‘z bilimlari darajasini aniqlash uchun o‘qish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan o‘tadilar.
     4. Davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlar ko‘rsatish davlat oliy ta’lim muassasalari ilmiy kengashlari tomonidan, talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyatlarini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.
Davlat stipendiyasiga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni taqdim qiladilar:
  • sinov daftarchasidan ko‘chirma;
  • dekanat, kafedraning tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish rahbarining fikr-mulohazasi;
  • tillar kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomasi.
Barcha hujjatlar jildga tikilgan yoki papkaga joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada davlat stipendiyasining nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.
     5. Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qiladilar.
Ilmiy kengashlarning qarorlari oliy ta’lim muassasalari qarashli bo‘lgan vazirliklar va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga davlat stipendiyalarini tayinlash to‘g‘risida tavsiyanomalar jo‘natishi uchun asos bo‘ladi.
     6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish muddati — 10—25 sentyabr.
     7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qarori davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarga davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos bo‘ladi.
Stipendiyalar 1 sentyabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy muvofiq holda tayinlanadi. Stipendiyalarni yangi muddatga qaytadan tayinlash ham aynan shu tartibda amalga oshiriladi.
     8. Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga quyidagi guvohnomalar beriladi:
  • «Beruniy davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Ibn Sino davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Navoiy davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Ulug‘bek davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Islom Karimov davlat stipendiyasining sohibi».
Guvohnomalar talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.
     9. Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida, tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinadilar.
   10. Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatganlaridan so‘ng bir yil mobaynida magistraturada o‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishda ustunlikka ega bo‘lish huquqini saqlab qoladilar.
   11. Talabalarni kundalik darslarni o‘zlashtirmaganlik, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzganlik uchun o‘quv yili mobaynida davlat stipendiyalaridan mahrum qilish davlat oliy ta’lim muassasalari taqdimnomalariga binoan tegishli vazirliklar va idoralar buyruqlari bilan amalga oshirilishi mumkin.
    12. Talabalarning davlat stipendiyalarini tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
 Manba: LEX.UZ