Manzil: O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17-uy

Telefon: +998(66) 233-5647
Fax: +998(66) 233-6306
Email: txudevonxona@umail.uz

Sahifalar

PDF

Universitet tarixi

Universitet tarixi

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosining mavjud resurslari va imkoniyatlaridan samarali foydalanish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni faol jalb qilish turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy hamda tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qildi. Shu bilan birga, turizm bosqichma-bosqich mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘iga aylanayotganligini hisobga olgan holda mintaqalarning salohiyatini turizm sohasiga to‘liq jalb etishni, xizmatlar sohasini rivojlantirishni, Buyuk ipak yo‘lida turizm yo‘nalishining jozibador markazi sifatida respublikaning ijobiy qiyofasini shakllantirishni ta’minlaydigan, yuqori malakali va jahon turizm industriyasi bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga ob’yektiv zarurat yuzaga keldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning tashabbuslari bilan “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil etildi.

Xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari va ijodiy ishlarni olib borish bo‘yicha respublikaning tashabbuslarini amaliy ro‘yobga chiqarish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida quyidagilar universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo‘llagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni milliy va xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashni ta’minlash;
  • ta’limning tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish, yosh talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, turizm sohasida ta’lim tizimiga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari tajribasini joriy qilish;
  • turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlarini hamda o‘qitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet el oliy ta’lim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga magistratura hamda doktoranturada o‘qishga muntazam ravishda yuborish orqali universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;
  • ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish faoliyati bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • turizm sohasi sub’yektlari mutaxassislarini qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
  • turistik faoliyatni va turizm sohasida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish;
  • yetakchi respublika va xorijiy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni, jumladan ularning mutaxassis hamda ekspertlarini o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish jarayonlariga jalb qilish orqali rivojlantirish, turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish.

Universitet uchun Samarqand shahri, Universitet shohko‘chasi, 17-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining bino va inshootlari tutash hududi bilan o‘tkazildi.

Universitet Vasiylik Kengashining 2018 yilning 2 iyulidagi 1-sonli bayoniga asosan universitetga rektor vazifasini bajaruvchi lavozimida iqtisod fanlari doktori, professor Baxodir Xatamovich Turayev faoliyat yuritmoqda.

Universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Farhod Umurzokovich Tursunov, Rivojlantirish va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor lavozimida yuridik fanlari doktori, professor Said Saidaxrorovich Gulyamov ishlab kelmoqda.

Ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalari va malaka talablari UNWTO ekspertlari Edit Sivas, Xose Luis Lorenso Guterres, Mersedes Karreno, Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Anvar Allabergenov, Respublika turizm o‘quv - konsalting markazi direktori YElena Golыsheva hamda prof. B.Turayev, i.f.d. M.Alimova, falsafa doktori (PhD) Z.Usmanovalar tomonidan ishlab chiqildi va tegishli tartibda tasdiqlandi.

Universitetda “Turizm menejmenti” fakulteti tashkil etilgan bo‘lib, fakultet dekani lavozimida Amirov Akmal Mehrojovich faoliyat yuritmoqda. Fakultet dekanining o‘rinbosari lavozimida Murod Bozorovich Xojiyev ishlab kelmoqda. Fakultet tasarrufida 3 ta kafedra tashkil qilingan. Jumladan, “Ijtimoiy va tabiiy fanlar” kafedrasiga falsafa fanlari doktori, professor v.b. Shahzoda Shuhratovna Negmatova, “Xorijiy tillar” kafedrasiga katta o‘qituvchi Nargiza Mardonovna Turdiyeva, “Umumkasbiy va ixtisoslik fanlari” kafedrasiga iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Hasan Ibragimovich Turdibekovlar rahbarlik qilishmoqda.

 Talabalarga dars berish uchun universitet ta’lim jarayoniga 33 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilgan bo‘lib, ularning 9 nafarini fan doktori, professor, 7 nafarini fan nomzodi, dotsent, 1 nafarini falsafa doktori (PhD) tashkil qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taklifiga asosan o‘quv yilining oktyabr oyida Ispaniyaning Rovira va Virxiliy universitetlarining professori, “Ohtels Hotels & Resorts” mehmonxonasining bosh menejeri, doktor Jiovanni Piyetro Kavalli hamda Saxid turizm instituti (Indoneziya) bilan tuzilgan hamkorlik memorandumiga asosan noyabr oyidan Saxid turizm instituti professori, doktor Yoxanes Solistyadi dars jarayoniga jalb etildi. Bundan tashqari universitetda Gong Kong davlat politexnika universitetining professori Toni Si, Xalqaro turizm tashkilotining (UNWTO) mutaxassisi Kristofer Lambertlar ham mahorat darslari o‘tishdi.

Rossiya Federatsiyasining Qozon Federal universiteti dotsenti Bunakov Oleg Aleksandrovich universitet talabalariga «Instrumentы i vozmojnosti globalizatsii» mavzusida, Indoneziyaning «SAHID  GROUP» xolding kompaniyasi vitse prezidenti janob Dr. Nugroho B. Sukamdani “Tendensii razvitii mirovogo turizma” mavzusida, Indoneziya xususiy universitetlar rektorlari kengashi raisi, UNIVERSITAS GUNADARMA universitetining rektori, professor Dr.E.S.Margianti “Mirovaya globalizatsiya v sfere turizma” mavzularida talabalarga ma’ruzalar o‘qishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4037-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi bo‘yicha dekabr oyida Fransiya elchixonasining tashabbusi bilan fransiyalik mutaxassis Aleksandr Sastr “Fransiya iqtisodiyotida turizmning o‘rni” mavzusida mahorat darsi o‘tkazdi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi doirasida imzolangan shartnomalar asosida Rossiya Federatsiyasining Shimoliy Kavkaz Federal universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan onlayn rejimida “Mejdunarodnыy event menedjment” fanidan ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.

Universitetda o‘qish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilmoqda, bakalavriatda O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda ikkita chet tili: birinchisi - ingliz (fransuz, nemis) tili, ikkinchisi - Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tillaridan (rus, xitoy) biri o‘qitiladi;

Hozirgi vaqtda universitetning 9 ta ta’lim yo‘nalishida 137 nafar talaba tahsil olmoqda. Talabalarning 93 nafarini o‘g‘il bolalar, 44 nafarini esa qiz bolalar tashkil etadi.

Mazkur tahsil olayotgan talabalar hududlar kesimida Samarqand viloyatidan 105 nafar, Jizzax viloyatidan 7 nafar, Buxoro viloyatidan 6 nafar, Navoiy viloyatidan 5 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 4 nafar, Toshkent shahridan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 3 nafar, Toshkent viloyatidan 2 nafar, Andijon viloyatidan 1 nafar, Sirdaryo viloyatidan 1 nafarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4037-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha universitet Fransiyaning Parij akademiyasi Panteon Sorbonna universiteti bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish bo‘yicha hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda. Universitetda YuNESKOning “Madaniyat turizmi” kafedrasini ochish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Kelgusida Rossiya Federatsiyasining Sochi davlat universiteti, Indoneziyaning “Saxid” turizm instituti va “Saxid” politexnika oliy maktabi bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Turizm sohasida respublikamizda malakali raqobatbardosh kadrlarga bo‘lgan extiyojlardan kelib chiqib, universitetda 2019-2020 o‘quv yilidan  boshlab,

Bakalavriaturada:

  • Ziyorat turizmi;
  • Ekoturizm;
  • Raqamli turizm;
  • Gid-ekskursovod va tarjimonlik faoliyati;
  • Turizm sohasida menejment;
  • Turizm sohasida xalqaro munosabatlar;
  • Turizm sohasida xalqaro huquqiy munosabatlar;
  • Turizm sohasida tadbikorlik-huquqiy munosabatlar;

Magistraturada:

  • Turizm (faoliyat turlari bo‘yicha: ziyorat turizmi, ekoturizm, raqamli turizm, gid-ekskursovod);
  • Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish;
  • Turizm sohasida menejment;
  • Turizm sohasida marketing kabi ta’lim yo‘nalishlarini ochish rejalashtirilgan.

Universitetga 2019-2020 o‘quv yilida - 400 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida esa - 500 nafar talaba bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Shundan, 2018-2019 o‘quv yilida 50 nafar,  2019-2020 o‘quv yilida - 100 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida esa - 150 nafar universitet talabalari yozgi malakaviy amaliyotlarini Indoneziyaning “Saxid” turizm instituti va “Saxid” politexnika oliy maktabi bilan hamkorlikda Indoneziyada o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Sochi davlat universiteti va Turkiya Respublikasining Antalya shahridagi Turizm akademiyasi bilan ham hamkorlikda universitet talabalarining malakaviy amaliyotini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Universitetga 2019-2020 o‘quv yilida - 80 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida esa - 100 nafar talaba magistratura ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shundan, 2019-2020 o‘quv yili qabuli bo‘yicha - 20 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida esa – 40 nafar magistrlarning o‘quv va malakaviy amaliyotlarini Indoneziyaning “Saxid” turizm instituti, “Saxid” politexnika oliy maktabi hamda Rossiya Federatsiyasining Sochi davlat universiteti va Turkiya Respublikasining Antalya shahridagi Turizm akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida 2018-2019 o‘quv yilida 10 nafar,  2019-2020 o‘quv yilida - 20 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida esa - 35 nafar yosh o‘qituvchilarni doktoranturaga qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 10 nafar yosh, iqtidorli o‘qituvchilar mustaqil-tadqiqotchi sifatida joriy yilda rasmiylashtirildi.

Doktorant-tadqiqotchilardan joriy o‘quv yilida 5 nafari,  2019-2020 o‘quv yilida - 10 nafari, 2020-2021 o‘quv yilida esa - 15 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovida va boshqa fondlar orqali nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida doktoranturada tahsil olishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, turizm sohasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va mamlakatimizda tatbiq etish uchun joriy o‘quv yilida 10 nafar,  2019-2020 o‘quv yilida - 45 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida esa - 55 nafar professor-o‘qituvchi va xodimlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovida va boshqa fondlar orqali xorijiy oliy o‘quv yurtlarda malaka oshirish va stajirovka o‘tashi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, turizmni rivojlantirishning dolzarb muammolarini o‘rganish va tadqiq qilish hamda ularni hal qilishning innovatsion yo‘llarini ishlab chiqish, turizm sohasida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘liq siklini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida universitetda “Turizm sohasida innovatsiyalar” markazi tashkil etilgan.

Raqamli turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish va ushbu yo‘nalishda zamonaviy dasturiy ta’minotni ishlab chiqish maqsadida “Turizm sohasida axborot texnologiyalari” markazi tashkil etilgan. 

Hozirgi vaqtda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti bilan quyidagi oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida xamkorlik aloqalari o‘rnatildi:

  • Sochi davlat universiteti (Rossiya Federatsiyasi);
  • Qozon federal universitetining xalqaro munosabatlar instituti (Rossiya Federatsiyasi);
  • Rossiya xalqaro turizm akademiyasi (Rossiya Federatsiyasi);
  • Shimoliy Kavkaz federal universiteti (Rossiya Federatsiyasi);
  • Tatariston fanlar akademiyasi qoshidagi arxeologiya instituti (Rossiya Federatsiyasi);
  • Belgorod davlat universiteti (Rossiya Federatsiyasi);
  • Belorusiya davlat pedagogika universiteti (Belorusiya);
  • Sejong universiteti (Janubiy Koreya);
  • Saxid turizm instituti (Indoneziya);
  • Palembang politexnika universiteti (Indoneziya);
  • Antalya turizm akademiyasi (Turkiya);
  • Gong-Kong politexnika universiteti (XXR);
  • Parij akademiyasi (Fransiya);
  • UNWTO TEDQUAL universitetlar tarmog‘i (Ispaniya).
  • Ipak yo‘li universitetlar xalqaro tarmog‘i;
  • Markaziy Osiyo tadqiqotlar xalqaro instituti (YuNESKO);

Universitet bilan Saxid turizm instituti va Saxid kurort va mehmonxonalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolangan. Saxid turizm instituti bilan ikki tamonlama diplom (Double degree) berish shartnomasi imzolangan. Hozirgi paytda hamkorlikda “Turizmda marketing”, “Mehmonxona boshqaruvi”, “Ommaviy tadbirlar boshqaruvi (Event Management)”, “Ovqat va ichimlik boshqaruvi”, “Sayohat va turizm boshqaruvi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalar va dasturlar ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, hamkorlikda “O‘zbekistonda muqaddas qadamjolar bo‘ylab ziyorat” mavzusida ilmiy loyiha yaratilmoqda.

O‘zbekistonda 2018 yilning 18-19 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi doirasida Sochi davlat universiteti bilan memorandum imzolandi. Memorandum bandlariga muvofiq “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining 4 nafar professor-o‘qituvchilari “Turizm va servis” yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv metodik  Kengashga a’zo etib saylandilar. Hozirgi paytda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti qoshida Sochi davlat universiteti va Turkiya Respublikasining Antaliya shahridagi Turizm akademiyasining filiallarini ochish masalasi muhokama qilinmoqda.

Universitetning “Turizm sohasida axborot texnologiyalari” markazi mutaxassisi Abdurashid Doniyorov hozirgi vaqtda Janubiy Koreya Respublikasi Sejong universitetining “Axborotlar texnologiyasi va dasturlash” ixtisosligi bo‘yicha doktoranturada tahsil olmoqda.

Hozirgi vaqtda universitet rahbariyati tomonidan universitetning Xalqaro “Ipak yo‘li” universitetlar tarmog‘iga hamda UNWTO Ted Qual universitetlar tarmog‘iga a’zo bo‘lishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Universitet professor-o‘qituvchilari Britaniya Kengashining “Creative Spark: Higher Education Enterprise Programme” granti tanlovida qatnashib, konkurs natijalariga ko‘ra grant sovrindori bo‘ldi. Hozirgi vaqtda mazkur grant asosida tashkil etilgan “Creative Spark: Higher Education Enterprise Programme” dasturida universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etmoqda. “Creative Spark: Higher Education Enterprise Programme” dasturida Gruziya, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari ham qatnashmoqda. “Creative Spark: Higher Education Enterprise Programme” dasturining bosh maqsadi hududlarning mehnat bozorlarini tadqiq qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘ziga xos jihatlarini aniqlash, yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va talabalar o‘rtasida tadbirkorlik va yaratuvchanlik tafakkurini rivojlantirishdan iborat.