Yangiliklar: Noyabr 2020

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talabalari uchun 2020/2021-oʻquv yilidagi birinchi oraliq imtihonlar (MidTerm) 23-noyabrdan boshlanib, 27 noyabrga qadar davom etadi.

MidTerm imtihonlari – ta’lim jarayonida ijobiy natijalarga erishishni tizimli nazorat qilish uchun talabalarning bilimi, koʻnikma va malakalarini tekshirishning ma’lum bir shaklini muvofiqlashtirish hamda talabalarning tayyorgarlik darajasi uchun dastur talablariga javob beradigan qoʻshimcha ma’lumot olish maqsadida zarur boʻlgan minimal koʻrsatkichdir.

Shuning uchun universitetning har bir professor-oʻqituvchisi talabalarning bilim va koʻnikmalariga baho berishda, “talaba oʻquv dasturida belgilangan yuklamalarni qay darajada oʻzlashtirganligi toʻgʻrisida”gi savolga aniq javob olishi muhimdir. Oʻqituvchining asosiy maqsadi – har bir talabaning tahsil olish jarayonida zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni egallashda eng muvaffaqiyatli yoʻllarni koʻrsatish bilan bir qatorda, aksariyat holatlarda, ijobiy MidTerm bahosini olmagan talabalarga tegishli oʻquv-dastur materiallari va yuklamalarini qayta koʻrib chiqib, uni oʻzlashtirishga koʻmaklashishdan iboratdir.

MidTerm haqida umumiy tushunchalar

  1. MidTerm har bir fan doirasidagi talabaning baholash mezonlari asosida ballarni shakllantiradi;
  2. MidTerm har bir talaba uchun maqbul ballar yigʻilishini ta’minlaydi;
  3. MidTerm natijalari talabalar bilimlarini baholashning quyidagi usullarni qoʻllash orqali:
    ogʻzaki javoblar;
    yozma ishlar;
    amaliy ishlar asosida erishiladi.
  4. MidTerm jarayonida talabalarning mustaqil ishlarni bajarishi ham baholanadi, shu jumladan, birlamchi manbalar bilan ishlash, referat, tadqiqot ishlari, fan doiralarida topshiriqlar.

Baholash tartibi va qarzdorlar uchun qayta topshirish muddatini uzaytirish

  1. MidTerm oʻquv yili davomida ikki marotaba oʻtkaziladi (5 kundan);
  2. MidTerm vaqtida har bir fanning oʻzlashtirishi kamida olti akademik soat tugagan taqdirda intizomni baholash amalga oshiriladi;
  3. MidTerm natijalari hujjatlashtiriladi va universitet oʻquv boʻlimiga taqdim etiladi;
  4. MidTerm natijalari boʻyicha qarzdorlar hamda qoniqarsiz baho olgan talabalarning bilimlarini qayta tekshirish jarayoni oʻquv qismiga taqdim etilgan talabalarning arizalariga binoan besh kun ichida amalga oshiriladi;
  5. Edvayzerlar MidTerm’da talabalarning qarzdorligi boʻyicha har kuni nazoratni amalga oshiradilar va universitet oʻquv boʻlimiga ma’lumot taqdim etadilar;
  6. MidTerm muddati kechiktirilgan va qarzlar mavjud boʻlgan taqdirda, talabalarga qayta attestatsiyadan oʻtish imkoniyati beriladi.

Qayta attestasiyadan oʻtish jarayoni

  1. Qayta attestasiyadan oʻtish jarayoni MidTerm natijalariga koʻra, qarzdor talabalar uchun oʻtkaziladi;
  2. Qayta attestatsiyadan oʻtkazishga topshiriladigan fanlar va ularning soni oʻquv boʻlimi tomonidan belgilanadi;
  3. Talabalar qayta attestatsiyadan oʻtmagan taqdirda, ularni oʻqishdan chetlashtirish masalasi koʻrib chiqiladi.

MidTerm imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirishda barcha talabalarga omad tilaymiz!

Kategoriya Yangiliklar
Juma, 20 Noyabr 2020 18:03

Butunjahon bolalar kuni

“Butunjahon bolalar kuni” har yili 20-noyabrda keng nishonlanadi. 1954-yil BMT Bosh Assambleyasi barcha mamlakatlarga bu sanani birodarlik va bolalarni tushunish, butun dunyo bo‘yicha ularga farovon hayotni yaratishga yo‘naltirilgan kun sifatida qabul qilishni tavsiya qildi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 20-noyabr kuni “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti xodimlaridan tashkil topgan volontyor guruhi Samarqand shahri Dahbed koʻchasida joylashgan 1-son mehribonlik uyiga tashrif buyurib, mehribonlik uyi direktori Mavjuda Farxodovna bilan, karantin tadbirlarida belgilangan qoidalarga rioya qilingan holda xayriya tadbiri oʻtkazildi. Universitet xotin-qizlar kengashining raisi M.Abbasova va Yoshlar siyosati boʻlimi boshligʻi U.Tuygʻunov tomonidan bolajonlarga bugungi bayram munosabati bilan tabrik nutqi yoʻllandi hamda universitet faoliyati bilan tanishtirish maqsadida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun universitet aqlli kampusi boʻylab maxsus ekskursiya tadbirini oʻtkazishga taklif qilindi.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun universitet xodimlari tomonidan sovgʻa-salomlar, zarur boʻlgan issiq shapka va sharflar sovgʻa qilindi. Bugunning eng quvonarli voqealaridan biri shu boʻldiki, oʻzining mehri, shirin soʻzligi va 80 dan ortiq zarur boʻlgan qishqi mavsum bosh kiyimlari bilan bolajonlarning koʻngiliga yoʻl topgan saxiy insonlardan biri Dilshod Kamariddinov bolajonlarning qahramoniga aylandi.

Kategoriya Yangiliklar
Chorshanba, 18 Noyabr 2020 15:38

Bayroq – millat gʻururi

Bugun tarixiy kun. Chunki “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetida “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 29-yilligi”ga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Ob-havo sharoitining keskin sovib ketishi, iftixorimiz va gʻururimiz boʻlmish milliy bayrogʻimiz qabul qilinganligiga bagʻishlangan tadbirga toʻsiq boʻlmaganligini universitet Birinchi prorektori Eltazarov J.D. oʻz nutqida ta’kidlab, tadbir ishtirokchilariga “Bayroq – mustaqillik ramzi” ekanligi hamda “Siz – yoshlar bizning kelajagimiz, barcha yutuqlaringiz ushbu bayroq ostida boʻlishi”ni samimiy tilaklarida bildirib oʻtdi. Bayram tabriklaridan gʻururlanib oʻz tabrigini yoʻllagan “Turizm menejmenti” fakulteti dekani Slavomir Vroblevskiy ham “Bayroq hamisha hilpirab tursa, bu – tinchlikdandir” degan soʻzi barchaning olqishiga sazovor boʻldi.

Tadbirda faol talabalarimiz ham davlat tilida va xalqaro (rus, ingliz va xitoy) tillarida dil izhorlarini bildirishdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari VII sessiyasida qabul qilingan.

Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda oʻlkamizning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida - bu yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritkichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodmonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning O‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

Kategoriya Yangiliklar

Joriy yilning 17 noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida Samarqand xayriya yarimmarafoni yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani hamda g‘olib shahar va klublarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Pandemiyaga qaramay, Samarqand xayriya yarimmarafoni ajoyib natijalarni qayd etdi.

Musobaqa uchun umumiy start 1 noyabr kuni berilgan bo‘lib, unda butun dunyo bo‘ylab dunyoning 35 mamlakatidan (O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Tojikiston, Ispaniya, Belarus, Isroil, Avstriya, Qirg‘iziston, Italiya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Turkiya, Tailand, BAA, Xitoy, Avstraliya, Finlyandiya, Ukraina, Ruminiya, Portugaliya, Niderlandiya, Moldova, Litva, Qatar, Yaponiya, Daniya, Belgiya, Yaman) 3000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi va virtual yugurish musobaqasining statistik ko‘rsatkichlari o‘tgan yilgi natijadan ikki marta oshib ketdi.

O‘zbekistonning eng yaxshi 43 nafar sportchisi Samarqand shahrida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Bu yilgi yugurish musobaqasi uzoq masofalarga ixtisoslashgan yengil atletikachilar uchun birinchi sport voqeasi bo‘ldi. Professionallar o‘rtasida sovrindorlar uchun mukofot jamg‘armasi 82 million so‘mni tashkil etdi.

Yarimmarafonga tayyorgarlik jarayonida faol turmush tarziga jalb qilish va aholi o‘rtasida yugurish madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan yugurish, yoga va umumiy jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha 20 dan ortiq ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazildi va ularda
400 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.

16 noyabr klublar va shaharlar o‘rtasidagi musobaqani yakunlash kuni deb e’lon qilingan edi. Buning sharafiga 17 noyabr kuni matbuot anjumani o‘tkaziladi va unda tashkilotchilar tomonidan natijalar sarhisob qilinib, tadbirning missiyasi va maqsadlari, vazifalarning qanday amalga oshirilishi to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi hamda g‘oliblar e’lon qilinadi. G‘oliblar yarimmarafon tashkiliy qo‘mitasi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan taqdirlanadi.

Matbuot anjumani tashkilotchilari va ishtirokchilari orasida:

Gayane Umerova – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori;

Alisher Mirzayev – “Kapitalbank” ATB (yarimmarafonning bosh hamkori) boshqaruvi raisi;

Botirjon Nurullayev – Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari;

Mirxan Sagitov – Samarkand Half Marathon loyihasi kuratori, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Maxsus loyihalar bo‘limi boshlig‘i;

Madina Badalova – Ta’lim va inklyuziv dasturlari kuratori, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Ta’lim va inklyuziya bo‘limi boshlig‘i.

Shuningdek, “Kapitalbank” ATB tomonidan ishtirokchilarning bosib o‘tgan har bir kilometri uchun 1 km 1000 so‘mga teng miqdordagi pul mablag‘lari yarimmarafon hisobiga o‘tkazib beriladi. Mazkur mablag‘lar va boshqa barcha tushumlar Samarqand va Toshkentdagi madaniyat markazlarida ASB (autizm spektrining buzilishi)ga chalingan bolalar uchun 2 ta badiiy ustaxona tashkil qilishga yo‘naltiriladi.

Hamma xohlovchilar uchun materiallarninng ochiqligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan barcha o‘quv mashg‘ulotlari loyiha yakunlangandan so‘ng yarimmarafon veb-saytida 3 ta tilda (o‘zbek, rus, ingliz) subtitrlar bilan chop etiladi.

Samarkand Half Marathon inklyuziv muhit, mamlakatning sayyohlik salohiyati, ayniqsa, yangi segment – sport turizmini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan xalqaro sport brendiga aylandi

Kategoriya Yangiliklar

Respublika komissiyasining 2020-yil 12-noyabrdagi yig‘ilishi qaroriga muvofiq, mamalakatimizning bir qator oliy oʻquv yurtlari safida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti ham 16-noyabr kuni an’anaviy o‘quv tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish maqsadida birinchi bosqich talabalariga oʻz bilim eshiklarini ochdi.

Bu qarorga asosan, oliy oʻquv dargohlari oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, an’anaviy ta’lim tizimiga oʻtishi va talabalarga qulaylik yaratish maqsadida, ularning imkoniyatlari hamda ijtimoiy ahvoliga qarab (homilador, emizikli va 3 yoshgacha farzandi boʻlgan onalar; qiyin ijtimoiy vaziyatda qolganlar) onlayn ta’lim shaklida qolishlari mumkinligi ma’lum qilinadi.

Shuni ta’kidlash joizki, onlayn oʻquv shaklida ta’lim oladigan talabalar uchun MS Teams platformasida oʻqituvchilar tomonidan berib boriladigan barcha vazifalarni oʻz vaqtida bajarish talablari saqlanib qolinadi hamda onlayn tarzda o’tkaziladigan MidTerm va Final Exam imtihonlariga talabalar qat’iy qatnashishlari talab etiladi.

Onlayn oʻquv shaklida tahsil olishni davom ettirishni xohlagan talabalar an’anaviy oʻquv shakliga qatnashmasliklarining barcha sabablarini koʻrsatgan holda “Turizm Menejmenti” fakulteti dekani – doktor Slavomir Vroblevski nomiga ariza yozishlari kerak boʻladi (zarur holatda tibbiy ma’lumotlar ilova qilinishi lozim).

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti II va III bosqich talabalari uchun an’anaviy ta’lim tizimi joriy yilning 23-noyabrida boshlanishi rejalashtirilgan.

Iltimos, oʻquv jarayonida epidemiologik xavfsizlik talablari va karantin qoidalariga qat’iy rioya qiling. Aziz talabalar, oʻzingiz va atrofdagilarning sogʻligi, avvalo, sizning qoʻlingizda! COVID-19 balosiga qarshi kurashda hushyor boʻling!

Kategoriya Yangiliklar

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo’llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo’lmaydigan chora-tadbirlar to’g’risidagi” 2020-yil 28- maydagi PF-6002-son Farmoni hamda “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi “2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-son qarorining so’zsiz bajarilishini ta’minlash hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo’yicha o’rinbosarlari (maslahatchilari)ning mas’uliyati va javobgarligini oshirish bo’yicha o’quv-seminar dasturi tashkil etildi, unda Toshkent viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boshlig'i I.Xatamov xam qatnashmoqda. 

Eslatib o'tamiz seminarning ilk kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Jismoni tarbiya va sport Vazirligiga tashrif buyurildi. U erda vazir o'rinbosari Ravshan Ermatov mehmonlarni vazirlikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan xamda 2021 yil Tokyoda bo'lib o'tadigan yozgi Olimpiada o'yinlariga tayyorgarlik jarayoni xaqida tanishtirildi. seminar ikkinchi kuni Toshkent viloyati Bo'stonliq tumaniga tashrif buyurishdi. Tumanda ekoturizm salohiyati, yangi investitsiya loyihalari va imkoniyatlaridan yaqindan tanishdi.

Qatnashchilar uchinchi kuni Samarqandga tashrif buyurishdi. Tashrif uchun birinchi joy "Ipak yo'li" turizm xalqaro universitetining "Smart Campus"i bo'ldi, bu yerda mehmonlar uchun ekskursiyalar o'tkazildi va mehmonxona nomerlari, bar-restoranni o'z ichiga olgan o'quv-ishlab chiqarish majmuasi, ilg'or texnologiyalar bilan jihozlangan konferensiya xonasi, kafeteriy uslubida jihozlangan universitet oshxonasi, universal sport zali namoyish etildi. Undan so'ng sayyohlar dam olishlari, tabiatdan bahramand bo'lishlari, Siyob kanali bo'ylab sayr qilishlari, xalq hunarmandchiligi namunalari, milliy urf-odat va milliy taomlar bilan tanishishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan Samarqand tumanining "Konigil" turizm qishlog'i bilan ham yaqindan tanishishdi.

O'quv-seminar davomida, turizm sohasiga doir qator mavzular, jumladan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatining strategik vazifalari, Madaniyat vazirligining asosiy vazifalari, Transport vazirligi faoliyati va transport salohiyati, Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish ishlari, turizm zonalarini tashkil qilishida xorijiy mamlakatlarining tajribasi, respublikada turistik zonalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar xususida mashg'ulotlar hamda taqdimotlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, seminar qatnashchilari Respublikamiz hududidagi qator yangi turistik maskanlar va ularda amalga oshirilayotgan ishlarni ham ko'zdan kechirib, o'zaro fikr almashishdi.

Kategoriya OAV biz haqimizda

Joriy yilning 13 noyabr kuni mamlakatning barcha hududlari hokim oʻrinbosarlari, sport va turizm boʻyicha maslahatchilar, turizm sohasi departamentlari va boshqarmalari direktorlari turizm sohasida yangi loyihalarni oʻrganish maqsadida Samarqandga tashrif buyurishdi.

Tashrif uchun birinchi joy “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetining “Smart Campus”i boʻldi. Bu yerda mehmonlar uchun ekskursiyalar oʻtkazildi va mehmonxona nomerlari, bar-restoranni oʻz ichiga olgan oʻquv-ishlab chiqarish majmuasi, ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan konferensiya xonasi, kafeteriy uslubida jihozlangan universitet oshxonasi, universal sport zali namoyish etildi. Shuningdek, eskirgan jurnal yuritish tizimi oʻrniga tatbiq etilgan yangi talabalar va oʻqituvchilarning yuzini tanib olish texnologiyasi bilan jihozlangan oʻquv auditoriyalarida ham ekskursiyalar amalga oshirildi.

Mehmonlar gastronomik koʻchasi bilan ham tanishdilar, u yerda har bir mehmon turli dunyo oshxonasining gastronomik asarlaridan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻlishdi.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Rossiya va xorijda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi eng yirik oliy oʻquv yurtlaridan hisoblanadigan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining Samarqand filiali bilan tanishishni rejalashtirmoqdalar. Shuningdek, sayyohlar dam olishlari, tabiatdan bahramand boʻlishlari, Siyob kanali boʻylab sayr qilishlari, xalq hunarmandchiligi namunalari, milliy urf-odat va milliy taomlar bilan tanishishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan Samarqand tumanining Konigil turizm qishlogʻi bilan ham tanishish rejalashtirilgan.

Kategoriya Yangiliklar

Ta’lim jarayoni ingliz tilida olib borilishini inobatga olgan holda, bugun, 12 noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining bakalavriatiga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlardan oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish maqsadida chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari tashkil etildi.

DTM Samarqand viloyat bo‘limining Zarnews.uz'ga xabar berishicha, imtihon ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi.

Bugun test sinovlari yozma ravishda (tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar, yozma ish) olinyapti. Ertaga, 13 noyabr kuni gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari bo‘lib o‘tadi.
Universitetga jami 167 nafar talabgor ariza topshirgan bo‘lib, B2 darajasini olganlar superkontrakt (oshirilgan to‘lov-kontrakt) asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Kategoriya OAV biz haqimizda

Joriy yilning 11-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII Qurultoyida 2016 – 2020-yillardagi ishlar natijalari sarhisob qilindi va milliy taraqqiyotning hozirgi bosqichidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Qurultoyda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti kasaba uyushmasi raisi Matlabov Sodiq Norqulovich faol ishtirok etdi.

Qurultoy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi bilan boshlandi. Tabrikni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan kasaba uyushmalari harakati faollariga yuborilgan murojaatida mamlakatning kasaba uyushmalari faoliyatining O'zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning turmush farovonligini oshirish, dolzarb muammolarni hal qilishdagi ulkan ahamiyati qayd etildi.

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov soʻzga chiqib, ishtirokchilarni 2016-2020 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirib, ustuvor vazifalarga eʻtibor qaratdi. Xususan, u soʻnggi 4 yilda mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash va xalq farovonligini oshirishga qaratilganligini ta’kidladi.

Qurultoyda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2021-2025 yillarga moʻljallangan strategik yoʻnalishlari, yangi tahrirdagi Federatsiya Nizomi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi taftish-nazorat komissiyasining yangi tahrirdagi Nizomi tasdiqlandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Qurultoy natijalaridan biri O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 11 noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” deb e’lon qilinishi hamda xalqaro standartlarga javob beradigan kadrlar tayyorlash uchun Kasaba uyushmalari akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi boʻldi.

Kategoriya Yangiliklar

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti xodimlari va talabalari uchun 2020-yil 11-noyabr kuni EMERALD nashriyoti treneri tomonidan “Tourism & Hospitality Management” ma’lumotlar bazasining funksional imkoniyatlariga bagʻishlangan “eJournals 2020. Tourism & Hospitality Management” mavzusidagi onlayn vebinar oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 2-noyabrdan 2-dekabrga qadar “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti uchun EMERALD “Tourism & Hospitality Management” tomonidan nashr etilgan jurnallarning ma’lumotlar bazasiga ayni paytda test orqali kirish imkoniyati mavjud. Ushbu toʻplam menejmentga oid zamonaviy fanlar bilan birga, ommaviy tadbirlar va festivallarni boshqarish, ekoturizm, dark-turizm kabi yangi qiziqish sohalarini ham oʻz ichiga qamrab oladi. Barcha nashrlar Web of Science va Scopus kabi ilmiy mezonlarga asoslangan tizimlarda indekslangan.

Vebinarning tili: ingliz tili.

Ta’kidlab oʻtish lozimki, “E-Line Press” bilan yaqin doʻstona munosabatlar muhitida universitetimiz uchun maxsus oʻtkaziladigan shu kabi onlayn seminarlar va vebinarlar an’anaga aylanib bormoqda.

eJournals Kit'ni yuklab olish

Kategoriya Yangiliklar
2 dan 3 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar