1. Talabalarning vijdon kodeksi – bu asosiy me’yorlar va qoidalar to’plamidir. Ularga rioya qilish oliy ta’lim muassasasi oldida turgan bosh vazifa – zamonaviy ishlab chiqarishning og’ir vaziyatlarida mehnat jamoalarida moslasha oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga imkon beradi.
1.1. Ushbu kodeks universitetda o’qish jarayonida talabalar uchun asosiy axloqiy qoidalarni belgilaydi.
1.2. Axloqiy kodeks samarali o’qish uchun qulay va maqbul sharoitlarni yaratishga, talabalar o’rtasidagi o’zaro munosabat, o’qituvchilar va universitet xodimlari bilan muloqot qilish uchun qulay psixologik muhit yaratishga qaratilgan.
1.3. Axloqiy kodeks har bir talabaning universitetda o’zini tutish qoidalari uchun majburiy qoidalarni belgilaydi.
1.4. Ushbu kodeks talablarini bajargan har bir talaba ta’lim muassasasining rivoji va yuksalishi, takomillashuviga, salohiyati va obro’sining mustahkamlanishiga hissa qo’shadi.
1.5. Universitet talabasi korrupsiya va poraxo’rlikning har qanday ko’rinishlariga toqat qilmasligi kerak.
1.6. Talaba o’z mamlakatining munosib fuqarosi, tanlagan mutaxassisligi bo’yicha professional bo’lishga, shaxsiy kamolot sari intilishga, ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishga intilishi kerak.
1.7. Talaba yoshi ulug’larni hurmat qilishi, boshqalarga nisbatan qo’pol munosabatdan qochishi va ijtimoiy himoyalanmagan insonlarga hamdardlik bildirishi va imkon qadar ularga g’amxo’rlik qilishi kerak.
1.8. Talaba odob-axloq, madaniyat va ma’naviy yetuklikning namunasi bo’lishi, axloqsizlikka toqat qilmasligi, jinsi, millati yoki diniy belgilariga qarab insonlarning kamsitilishiga yo’l qo’ymasligi kerak.
1.9. Talaba sog’lom turmush tarziga rioya etishi kerak.
1.10. Talaba universitet an’analarini hurmat qilishi, uning mulkini himoya qilishi, saqlashi, tozalik va tartibga rioya qilishi kerak.
1.11. Talaba ijodiy faoliyatni rivojlantirishga (ilmiy-o’quv, sport, badiiy va boshqalar), korporativ madaniyat va universitet obro’sini oshirishga qaratilgan barcha zarur va foydali ishlarni tan olishi kerak.
1.12. Universitetdan tashqarida talaba har doim oliy maktabning vakili ekanligini unutmasligi, uning sha’ni va qadr-qimmatini tushiradigan xatti-harakatlar qilmasligi lozim.
1.13. Har qanday akademik noinsoflik bilan kurashishni talaba o’zining burchi deb bilishi kerak.
2. Asosiy axloqiy tamoyillar va normalar
2.1. Talabaning umumiy axloqiy tamoyillari:
2.1.1. Halollik;
2.1.2. Adolatparvarlik;
2.1.3. Vijdonlilik;
2.1.4. Faollik;
2.1.5. Tashabbuskorlik;
2.1.6. Odoblilik;
2.1.7. Diplom uchun emas, bilim olish maqsadida o’qish;
2.1.8. Har bir natija uchun shaxsiy javobgarlik.
3. Talabalar, o’qituvchilar va universitet ma’muriyati o’rtasidagi axloqiy munosabatlar asoslari
3.1. O’qituvchi va talabalar o’rtasidagi munosabatlar axloqiy, ma’naviy va huquqiy normalarga muvofiq qurilishi kerak. Shu maqsadda bir narsani eslashimiz muhim – biz hamkormiz, bitta ishni bajarayapmiz va bizning umumiy maqsadimiz bor.
3.2. Talaba professor-o’qituvchilar va universitet xodimlari bilan munosabatda subordinasiyaga rioya qilishi kerak.
3.3. Talaba boshqa talabalar, universitet o’qituvchilari va xodimlari bilan bo’lgan munosabatda odob doirasidan chiqmasdan, rasmiy etiket qoidalariga rioya qilishi kerak.
3.4. Munozarali masalalarni hal etishda kelishuv va murosa asosida, barcha tomonlar manfaatlariga mos keladigan umumiy yondashuvlarga tayanish lozim.
3.5. Talaba boshqa bir odamning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan xatti-harakatlarga yo’l qo’ymasligi kerak.
3.6. Talaba yuqori madaniyati bilan ajralib turishi, boshqalar bilan muloqotda ijobiy bo’lishi darkor.
3.7. Fikrning erkinligi va o’ziga xosligini rivojlantira olishi lozim.
4. Talaba huquqlari va majburiyatlari
4.1. Talaba quyidagi huquqlarga ega:
4.1.1. Ta’lim shakllarini tanlash;
4.1.2. Ta’lim jarayonida ishtirok etish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniga ega bo’lish;
4.1.3. Barcha turdagi ilmiy-tadqiqot loyihalarida, konferensiyalar, simpoziumlarda ishtirok etish;
4.1.4. Madaniy-ommaviy tadbirlarda ishtirok etish;
4.1.5. O’qish, ilmiy va ijodiy faoliyatdagi muvaffaqiyatlarini rag’batlantirilishi;
4.1.6. Universitet rahbariyatining buyruqlari va ko’rsatmalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish.
4.2. Talaba quyidagilarga majburdir:
4.2.1. Barcha turdagi mashg’ulotlarga kechikmaslik va belgilangan dars jadvaliga muvofiq tartibda qatnashish;
4.2.2. Dars paytida mobil telefonlarni o’chirib qo’yish;
4.2.3. Dars davomida talabalar gaplashib yoki ortiqcha harakatlanish orqali mashg’ulotga xalaqit bermasligi lozim, agar darslarning o’tishi shuni nazarda tutmagan bo’lsa;
4.2.4. O’quv jarayoniga faol qo’shilish;
4.2.5. Har bir o’quv fani bo’yicha talabalar mustaqil ishlarni bajarishi;
4.2.6. Universitetning o’quv adabiyotlari, jihozlari va boshqa manbalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish;
4.2.7. O’quv jarayonida ovqat iste’mol qilmaslik;
4.2.8. O’quv xonalarida axlat tashlash, saqichlardan foydalanish taqiqlanadi, tartib va tozalikka rioya qilish talab etiladi;
4.2.9. Orasta, sipo kiyinish, ochiq-sochiq kiyimlardan qochish, haddan ziyod bo’yanmaslik.
5. Talabalarning universitetga munosabatining axloqiy asoslari
5.1. Talabalar uzluksiz ochiq ta’lim (INOO) an’analarini saqlashi va rivojlantirishi shart;
5.2. Davlat, tijorat va boshqa tashkilotlarda amaliyot o’tayotganda, talaba o’zining xulq-atvori bilan universitet sha’ni va obro’sini shakllantirishga va unda tayyorlanayotgan mutaxassislar to’g’risida ijobiy fikrlarni paydo qilishga yordam berishi kerak;
6. Sog’lom turmush tarzi
6.1. Talaba o’z sog’lig’i haqida qayg’urishi, ma’naviy va jismoniy barkamollikka intilishi kerak;
6.2. Universitet hududida narkotik moddalar va boshqa psixotrop vositalarni saqlash, foydalanish yoki tarqatish qat’iyan taqiqlanadi.
6.3. Universitet hududi va o’quv korpuslarida tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish va mast holatida yurish ham qat’iy man etilgan.