Aziz do’stlar!
Bizning iqtidorli va shijoatli yoshlarimiz – mamlakatimizning porloq va buyuk kelajagini yaratuvchilaridir!
Siz hayotingizning eng yaxshi va eng muhim bosqichini boshdan kechirmoqdasiz. Talaba bo’lish – bu har kungi kashfiyotlar, yangi bilimlarni egallash, kasbiy rivojlanish va hayotiy pozisiyalarni mustahkamlash davri. O’qishdan tashqari siz universitetning ijtimoiy, ilmiy, madaniy hayotida o’zingizni namoyon etishga imkon beradigan ko’plab qiziqarli tadbirlarda ishtirok etasiz.
Bugungi kunda dunyo jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda va globallashuv jarayonini boshidan kechirmoqda. Shuning uchun jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga qaratilgan bo’lib, bu borada hukumatimiz ham kuchli va adolatli ta’lim-tarbiya tizimini yaratmoqda, bu esa, avvalambor, umumiy maqsad va g’oya atrofida birlashishga, burch va mas’uliyat hissini uyg’otishga undaydi. Bunda muhim rol ijodkor, iqtidorli va shijoatli yoshlarga beriladi.
Mamlakatimizda sifatli ta’lim va munosib kasb egallashingiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sizning qarshingizda barcha eshiklar ochiq. Dunyo o’zgarmoqda, zamon o’zgarmoqda, jahon darajasidagi ta’lim olish imkoniyati oshmoqda.
“Ipak yo’li” turizm xalqaro universiteti tashkil etilganiga hali ko’p vaqt bo’lgani yo’q, lekin shunga qaramay, bugungi kunda u eng taniqli va nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri va mamlakatimizdagi turizm sohasidagi birinchi universitetdir.
Biz O’zbekiston Respublikasida va qo’shni davlatlardagi oliy o’quv yurtlarida o’xshashi bo’lmagan universitetdagi o’qitish darajasi bilan faxrlanamiz, ayniqsa, universitet professor-o’qituvchilarining 30 foizi yetakchi xorijiy oliy o’quv yurtlarining o’qituvchilari ekanligi tahsinga sazovordir.
Universitetimizda yuqori malakali o’qituvchilar, edvayzerlar faoliyat yuritadi. Eng yaxshi mutaxassislar o’zlarining keng va chuqur bilimlarini bizning talabalarimizga taqdim etadilar.
Bizning universitetimiz talabalarga ilg’or xorijiy universitetlarda o’qish, malaka oshirish va tajriba orttirish imkoniyatini berayotganidan g’ururlanamiz.
Universitetning aynan Sharqning ilm-fan, madaniyat markazi sifatida tanilgan, o’ziga xos yutuqlari va an’analari bilan mashhur bo’lgan Samarqandda joylashganligida o’ziga xos ma’no mujassam. Ilm-fan dunyosida Buyuk Britaniyaning mashhur Oksford universiteti nufuzi va salohiyatini olgan qadim shahar ruhi universitetni qo’llab-quvvatlagay.
Aziz do’stim, siz “Ipak yo’li” turizm xalqaro universitetining talabasi bo’lib, to’g’ri tanlov qildingiz, chunki Oksford ta’limi siz o’ylaganingizdan ancha yaqin. Bir yerda to’xtamang, har doim o’z maqsadlaringiz, orzularingizga intiling, eng yuqori pog’onalarni mo’ljalga oling. Axir Ona Vatanimizning kelajagi, mehnatkash va fidoyi xalqimizning baxt-u saodati, farovonligi sizning qo’lingizda.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Universitet rektori – Abduhakimov Aziz Abduqaharovich