Dushanba, 09 Yanvar 2023 15:41

Vengriya stipendiyalari dasturida qatnashish uchun hujjatlar qabuli davom etmoqda

Batafsil ma’lumot – stipendiumhungaricum.hu

“Arizalar qabuli to‘g‘risida e’lon” (“Call for Applications” – hujjatlarni topshirish tartibi) bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz. Stipendium Hungaricum – https://stipendiumhungaricum.hu/apply/ veb-saytida keltirilgan.

O‘zbekiston tomonidan muvofiqlashtiruvchi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hisoblanadi.

Vengriya hukumati tomonidan e’lon qilingan "Stipendium Hungaricum" stipendiya dasturiga ariza topshirishning oxirgi muddati — 2023 yil 16 yanvar, 14:00 (Markaziy Yevropa vaqti (CET)).  

Ushbu stipendiya dasturi doirasida Vengriya tomoni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun 2023/2024 o‘quv yilida quyidagi tartibda jami 170 ta ta’lim grantlarini taqdim etadi:

20 ta o‘rin – bakalavriat;

10 ta o‘rin — bakalavriat magistratura bilan birlashtirilgan, ya’ni, hujjatlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha topshiriladi, unga magistratura (OTM – One time master) ham kiradi, o‘qish muddati ta’lim yo‘nalishiga qarab 5 yoki 6 yil;

60 ta o‘rin – magistratura;

60 ta o‘rin – doktorantura (PhD);

20 ta o‘rin — Jismoniy tarbiya universitetida o‘qish uchun (Budapesht shahrida).

Grantlardan Vengriya universitetlarida qisqa muddatli kurslar uchun ham foydalanish mumkin.

Qo‘shimcha tarzda, quyidagilarni ma’lum qilamiz:

«Arizalar qabuli to‘g‘risida e’lon» («Call for Applications»)ning 3.4.2-bandi yuzasidan ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga hujjatlarni onlayn yoki qog‘oz shaklida topshirish talab etilmaydi. 

Barcha hujjatlarni onlayn formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Tempus Public Foundation” (Vengriya tomonidan ushbu stipendiya dasturining muvofiqlashtiruvchisi) ko‘rsatgan platformaga yuborish kifoya.

Dastlabki bosqichda hujjatlar Vengriya tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilib, tanlov talablariga javob bermaydigan barcha hujjatlar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi.

“Short list” (saralanganlar ro‘yxati)ni Vengriya tomoni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan maslahatlashganidan so‘ng nomzodlarni 1 dan 170 gacha (asosiy ro‘yxat) va undan keyin 170 dan 340 gacha (zaxira) ketma-ketlikda baholash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuboradi.

O‘qishga qabul qilish bo‘yicha yakuniy qaror Vengriya tomonidan qabul qiluvchi Vengriya universitetlarining qarorlari asosida qabul qilinadi.

O‘qishga qabul qilayotgan Vengriya universiteti yoki koordinatorlar, lozim bo‘lganda, nomzodni onlayn intervyuga taklif qilishlari mumkin.

Nomzodlarning ro‘yxatdagi joylashuvi qat’iy ravishda ajratilgan kvotalar doirasida belgilanadi — 20 (bakalavr), 10 — (bakalavr bilan qo‘shilgan magistratura darajasi), 60 — (magistratura), 60 — (doktorantura), 20 — Jismoniy tarbiya universiteti (Budapesht shahri.).

Ro‘yxatda ketma-ketlik bo‘yicha joylashtirish (baholash) tartibi O‘zbekistonda kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Muhandislik-texnika, shuningdek, tibbiyot, farmasevtika, biotexnologiya, kimyo, geologiya, fizika, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, energetika, muqobil energiya manbalari va boshqa shu kabi yo‘nalishlarga hujjat topshirganlarga imtiyoz beriladi.

Oliy ta’lim muassasada ish tajribasi, chet tillarini bilish ahamiyatga ega bo‘ladi. Imtiyoz o‘qishni 2023 yilda tugatmoqchi bo‘lganlarga emas, balki 2023 yilning 16 yanvariga qadar u yoki bu bosqichni tamomlaganlarga beriladi.

O‘z kasbiy faoliyatini respublikada, ayniqsa, oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimida, respublika ilmiy markazlarida va shu kabi muassasalarda davom ettirmoqchi bo‘lgan nomzodlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Saytdagi yangiliklar

Barcha yangiliklar

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar