O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 675-son qarori bilan tasdiqlangan “Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, joriy yilning 29-avgustida universitet binosida 2024/2025 o‘quv yili uchun “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari sirtqi ta’lim shakliga o‘qish istagini bildirgan va tegishli ish beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha suhbat jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
Universitetning tegishli buyrug‘i asosida universitet qabul komissiyasi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar bilan suhbat o‘tkazish bo‘yicha alohida Suhbat komissiyasi tashkil etildi. Suhbat komissiyasi tarkibiga universitetning yuqori malakali professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari hamda ish beruvchi tashkilotlar va O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasidan iborat vakillar kiritildi.
Suhbat jarayonida abituriyentlar mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mohiyati va ahamiyati, belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashdan asosiy maqsadi, belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mehnat faoliyati davomida erishgan yutuq va natijalari, belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasida bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi bo‘yicha Suhbat komissiyasi tomonidan berilgan savollarga mazmunli javoblar qaytarishdi.
Suhbat komissiyasi abituriyentlarning bergan javoblari asosida ularning bilimini Nizomda ko‘rsatilgan baholash mezonlari asosida baholashdi va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarni talabalikka tavsiya qilishdi.
Abituriyentlar o‘zlarining bilim va malakalarini adolatli mezonlar asosida baholaganligi uchun Suhbat komissiyasi a’zolariga minnatdorchilik bildirishdi.
Suhbat natijalari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.