Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi “Kelajakka qadam” dasturi izchil davom etmoqda. Mazkur dastur doirasida yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish, treninglar tashkil etish hamda bank xizmatlari orqali amaliy ko‘mak berish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zmilliy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi mas’ul xodimi hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hududida faoliyat yuritayotgan “Kelajakka qadam” markazi hududiy bo‘linmasida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61-son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Qabul kunlari davomida yoshlarning biznes loyihalarini moliyalashtirish, kredit rasmiylashtirish jarayonlari yuzasidan suhbat va maslahatlar olib borilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar 15 nafar bitiruvchi tomonidan loyihalar markazga taqdim etilgan. Shundan 12 ta loyiha bank tomonidan ma’qullanib, jami 160 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. “Kelajakka qadam” dasturi bitiruvchi yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.