Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar va universitet jamoasi!
Joriy yilning 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti mamlakatimiz taraqqiyotida, xususan, yoshlar siyosatida yangi davrni boshladi.
60 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan ushbu uchrashuv davlatimiz rahbarining inson kapitaliga qaratayotgan ulkan e’tiborining yorqin ifodasidir.
Biz “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti jamoasi sifatida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kelajak tadbirkori” dasturini o‘z faoliyatimizda joriy etamiz.
Universitetimizda startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, talabalarimizning turizm va madaniy meros sohasidagi tadbirkorlik tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.
Ingliz tilidan xalqaro darajaga ega bo‘lgan o‘qituvchilarimiz va talabalarimizning olis hududlarda o‘quv markazlari ochishiga universitet tomonidan amaliy yordam ko‘rsatiladi. Xususan:
O‘quv markazlarini ochish uchun zarur bo‘lgan huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishda yuridik ko‘mak;
o‘quv materiallari va metodologik qo‘llanmalar bilan ta’minlash;
markaz faoliyatini universitetimizning brendi ostida olib borish imkoniyati.
Bu tashabbus olis hududlardagi yoshlarning sifatli ta’lim olishiga, ularning kelajakda yuqori malakali kadrlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, talabalarimizning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator tijorat banklari bilan hamkorlik ishlari amalga oshiriladi. Endilikda:
“Aloqabank”, “Milliy bank” kabi moliya institutlari tomonidan talabalarning biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi;
banklar tomonidan talabalar uchun maxsus “Startap-loyiha” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib loyihalar ma’lum miqdordagi mablag‘ bilan moliyalashtiriladi;
universitetimizda tijorat banklari mutaxassislari bilan hamkorlikda talabalar uchun tadbirkorlik yo‘nalishida maslahat xizmati yo‘lga qo‘yilib, biznes-reja tuzishdan tortib, uni amalga oshirishgacha bo‘lgan bosqichlarda ko‘maklashiladi.
“Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida bitiruvchilarimiz uchun nufuzli turistik kompaniyalar, mehmonxonalar va muzeylarda amaliyot tizimini kengaytiramiz. Amaliyot davrida talabalarimiz moddiy tomondan rag‘batlantirilishi mexanizmini joriy etish borasida ish beruvchilar bilan shartnomalar tuziladi.
Endilikda universitetimiz bitiruvchilari nafaqat oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom, balki zamonaviy kamida 1 ta kasbiy malaka va xalqaro til sertifikatlari bilan mehnat bozoriga kirib borishi bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘riladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endi oliy ta’lim muassasalari oldida ham tamoman yangi vazifalar turibdi. Universitetimiz faqat bilim beruvchi dargoh emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga aylanadi. Shu maqsadda:
Turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi mavjud laboratoriyalar faoliyati yanada yaxshilanadi;
dual ta’lim tizimini keng joriy etish orqali talabalarimizning 50 foizini amaliy tajriba bilan qamrab olish;
“Spin-off” va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali universitetimizni Samarqand viloyatining turizm sohasi rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish – bizning strategik maqsadimizdir.
Talabalarimizning ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish tizimini yaratamiz. Har yili tanlovlar tashkil qilinib, eng yaxshi talabalar ilmiy loyihalari rag‘batlantirib boriladi.
Xalqaro hamkorligimizni kengaytirib, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlarining yetakchi turizm universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantiramiz. Iqtidorli talabalarimizning xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratamiz.
Ko‘ksaroydagi muloqot – yoshlar kelajagi uchun aniq yo‘l xaritasidir. Unda belgilangan tashabbuslar moliyaviy manba va strategik maqsadlar bilan ta’minlangan. Men ishonamanki, ushbu qarorlar asosida universitetimizda amalga oshiriladigan ishlar yoshlarimiz bandligini ta’minlash, ularning intellektual va iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yanada jadallashtiradi.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, omad va ilm yo‘lida ulkan zafarlar tilayman.
Hurmat bilan,
"Ipak yo‘li" turizm va madaniy
meros xalqaro universiteti rektori
Xolmuxamedov Muhsinjon Murodullayevich