“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida talabalarni akademik mobillik dasturi doirasida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Mazkur dastur doirasida universitetning turizm va mehmondo‘stlik, menejment hamda madaniy meros yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bir guruh talabalar hozirda nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishni davom ettirmoqda. Ular o‘z sohalari bo‘yicha nazariy bilimlarini chuqurlashtirish bilan bir qatorda, xorijiy ta’lim tizimi tajribasini o‘rganish, yangi innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Akademik mobillik dasturi talabalar uchun xalqaro miqyosda ta’lim olish, professional ko‘nikmalarni rivojlantirish va global turizm hamda madaniy meros sohasidagi zamonaviy tendensiyalarni chuqur o‘rganish imkonini yaratmoqda. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kelgusida ham xorijiy hamkor universitetlar bilan aloqalarni mustahkamlash, talabalar almashinuvi dasturlarini yanada kengaytirish hamda yoshlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib boradi. Universitet talabalar xorijiy hamkor universitetlarda qisman va toʻliq qoplanadigan stipendiya dasturlari boʻyicha ta’lim olishmoqda.
Universitetning quyidagi hamkor xorijiy universitetlar bilan talabalar almashinuvi dasturlari mavjud:
Vakayama universiteti, Yaponiya

Sindao universiteti, Xitoy

Nanking turizm va mehmondoʻstlik instituti, Xitoy

Guilin turizm universiteti, Xitoy

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalarining xorijiy universitetlardagi akademik mobillik bo’yicha ta’lim jarayonlaridan fotolavhalar:



Universitet talabasi xalqaro almashinuv dasturini muvaffaqiyatli yakunladi
Universitetimiz talabasi Nodirbek Rizaqulov Xitoy Xalq Respublikasining Shandong provinsiyasida joylashgan, dunyoning TOP–300 nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin olgan Qingdao Universityda tashkil etilgan Xalqaro talabalar almashinuvi dasturi doirasidagi bir semestrlik o‘quv mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli tamomladi.

Mazkur akademik almashinuv dasturi talabaning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini xalqaro muhitda rivojlantirish, xorijiy ta’lim tajribasini o‘rganish hamda madaniyatlararo muloqot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Universitet jamoasi Nodirbek Rizaqulovni ushbu yutug‘i bilan tabriklaydi hamda kelgusidagi o‘qish va ilmiy faoliyatida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.
