20-noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros universitetida AQSh elchixonasi hamkorligida Young Professional Internships Program (YPIP) dasturi taqdimoti tashkil etildi. “Tillar va global tadqiqotlar” kafedrasi o‘qituvchisi M. Jo‘raeva boshchiligida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda barcha bosqich talabalari faol ishtirok etib, o‘z kasbiy kelajaklariga oid yangi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida talabalarga YPIP dasturining asosiy maqsadi, afzalliklari va taklif etayotgan imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu dastur yoshlar uchun Toshkentdagi yetakchi kompaniya va tashkilotlarda yozgi stajirovka o‘tayotgan paytda amaliy ko‘nikmalar hosil qilish, biznes va STEM yo‘nalishlarida real loyihalarda ishtirok etish, shuningdek, tajribali mutaxassislar bilan bevosita ishlash imkonini yaratadi.
Sessiya jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol murojaat qildilar. Ular ariza topshirish jarayoni, stajirovka joylari hamda avvalgi ishtirokchilarning muvaffaqiyatli tajribalari haqida atroflicha ma’lumot oldilar. Ushbu taqdimot yoshlar uchun nafaqat motivatsiya, balki kelgusidagi kasbiy yo‘nalishlarini belgilashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.