Bugun, 13-mart kuni universitetimiz Qabul va marketing bo‘limi mutaxassislari tomonidan xorijiy tillarni mukammal egallagan iqtidorli talabalar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘nggi qabul qilingan davlat dasturlari va qarorlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekosistemasini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan imtiyoz va subsidiyalar haqida ma’lumot berildi.
Talabalarga ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyati, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xususan, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va chekka hududlarda til o‘rgatishning afzalliklari tushuntirildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ushbu yo‘nalishlardan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashdilar.