Universitetimizda 8-dekabr – Konstitutsiya kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan universitetda yurtimizning eng muhim hujjati, uning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yoritishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan universitetimizning ma’muriy masalalar bo‘yicha birinchi prorektori D. Nasimov universitet jamoasini, professor-o‘qituvchilarni hamda talabalarni Qomusimiz qabul qilingan kun bilan muborakbod etdi. Tadbirda talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda mehmonlar ishtirok etib, Konstitutsiyamizning mamlakat taraqqiyoti, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashdagi beqiyos o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Dastur davomida talabalar tomonidan mavzuga doir ma’ruzalar taqdim etildi, badiiy chiqishlar namoyish qilindi. Ushbu tadbir yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda Vatanga muhabbat, yurtga hurmat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.