“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Turizm menejmenti yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Shaxrizoda Sirojiddinova o‘zining bilimi, zukkoligi va faolligi bilan ajralib turadi. Qahramonimizni bugungi iqtidorli yoshlarimizning eng oldi qatoridan ko‘rish mumkin. Shaxrizoda dastlab Samarqand shahridagi Prezident maktabini a’lo baholarga tamomladi. 2023 yilda imtiyozli tarzda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabasiga aylandi. Uning ilmga chanqoqligi, izlanuvchanligi va tirishqoqligi samarasi o‘laroq, joriy o‘quv yilida Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. “Men Prezident maktabida o‘qidim, men Prezident asos solgan universitetda ta’lim olmoqdaman. Men kelajakda yurtimiz rahbari ta’kidlagan Uchinchi Renessans yaratuvchilari safida bo‘laman”, — deydi Shaxrizoda Sirojiddinova. Ayni paytda Shaxrizoda mahalliy va xorijiy nashrlarda turizm sohasida 10 ga yaqin ilmiy maqolalar chop ettirdi. Bugun yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim tizimi va yuksak e’tibor ana shunday bilimli, intizomli va maqsadli yoshlarni kamol toptirmoqda. Shaxrizoda kabi fidoyi talabalar esa Yangi O‘zbekistonning tayanchi, Uchinchi Renessansning munosib bunyodkorlaridir.