15-oktyabr kuni universitetimizda Turizm yo‘nalishida ta'lim olayotgan birinchi bosqich talabalarining ota-onalari uchun “Ota-onalar kongressi” bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir talabalarning ta'lim jarayoni va ular uchun yaratilgan sharoitlar haqida kengroq ma'lumot berish, shuningdek, ota-onalar bilan universitet rahbariyati o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.
Kongressda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda birinchi bosqich talabalarining ota-onalari ishtirok etdilar. Tadbir davomida ota-onalarga ta'lim dasturlari, kredit-modul tizimi, talabalar hayoti, ularning huquq va majburiyatlari, yotoqxonalardagi sharoitlar, shuningdek, klub va to‘garaklar faoliyati haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ota-onalar farzandlari ta'lim olayotgan binolar, kutubxona, sport zallari va yotoqxonalar bilan yaqindan tanishdilar. Ular yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirib, universitet rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik izhor etdilar.