Bugun, 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida xalqaro “Fikringni ber! (VoiceUP)” inklyuziv yoshlar oromgohining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligining “VoiceUp” inklyuziv yozgi lageri tashkilotchilari bilan birga Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan tashrif buyurgan yoshlar ishtirok etishdi. Ochilish marosimida universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatida yoshlarni ijtimoiy himoya qilish tizimida amalga oshirayotgan islohotlari hamda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida gapirdi.
Tadbirda “Fikringni ber! (VoiceUP)” inklyuziv yoshlarning rasmiy bayrog‘i ko‘tarildi. Shundan so‘ng universitetning volontyor talabalari bilan yaqindan muloqot tashkil qilindi. Inklyuziv yoshlar oromgohi ishtirokchilariga seminar treninglar tashkil qilindi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerak, inklyuziv yoshlar oromgohi 12 iyunga qadar davom etadi.