Bugun, 28-yanvar kuni universitetimizda Xotin-qizlar kengashi qoshida faoliyat yuritayotgan faol va tashabbuskor “Lider qizlar” klubi a’zolari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirni universitet Xotin-qizlar kengashi raisi M. Abbasova ochib berib, o‘tgan o‘quv yilida “Lider qizlar” klubi a’zolari tomonidan erishilgan yutuqlar va muvaffaqiyatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Davra suhbati davomida zamonaviy qizlarning liderlik salohiyatini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda fikr almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda mehmon sifatida ishtirok etgan Samarqand shahar hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ra’no Toshniyozova bugungi kunda davlatimiz tomonidan talaba-qizlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, yoshlarga motivatsion fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida universitetimizni muvaffaqiyatli tamomlab, bugungi kunda xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bitiruvchi qizlarimiz yoshlar uchun yorqin namuna sifatida e’tirof etildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda jamiyatda faol va namunali bo‘lish, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish kabi dolzarb mavzular yuzasidan keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirildi.