"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida "Yoshlar kuni" munosabati bilan tashkil etilgan "Modalar namoyishi kuni-2026" tadbiri chinakam go‘zallik, uslub va milliy qadriyatlar bayramiga aylandi. Universitetimizning iqtidorli va latofatli talaba-qizlari ishtirokida o‘tgan ushbu kechada sahnada milliy an’analar va zamonaviy moda trendlarining mahorat bilan uyg‘unlashtirilgan namunalari namoyish etildi. Har bir libosda xalqimizning boy madaniy merosi, yoshlarning kreativ yondashuvi va cheksiz ijodiy salohiyati aks etdi.
Talabalar o‘z chiqishlari orqali nafaqat o‘zlarining dizaynerlik va kiyinish madaniyatini, balki sahnada o‘zini tutish mahorati hamda o‘ziga bo‘lgan yuksak ishonchni ham namoyon etdilar. Ranglar jilosi va matolar jozibasi uyg‘unlashgan ushbu loyiha barchada unutilmas taassurot qoldirdi.
G‘oliblar va nominatsiyalar:
Tadbir yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng mahoratli ishtirokchilar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar:
• Eng yaxshi milliy va zamonaviy uyg‘unlik – an’ana va trendning mukammal uyg‘unligini yaratgani uchun: Fotima To‘xtayeva
• Eng yaxshi milliy libos – milliy qadriyatlarimiz va nafislikni yuksak darajada aks ettirgani uchun: Yaxyayeva Maftuna
• Eng ijodkor uslub – jasur va o‘ziga xos moda ifodasi hamda kreativ yondashuvi uchun: Qazaqbaeva Gulayim
Ushbu tadbir universitetimiz yoshlarining nafaqat ilm-fan, balki madaniyat va san’at sohasida ham naqadar iqtidorli ekanliklarini yana bir bor isbotladi. G‘oliblarimizni muborakbod etib, ularga kelgusi ijodiy zafarlar tilab qolamiz!