2026-yil 17-iyun kuni Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Malayziya Milliy universiteti (Universiti Kebangsaan Malaysia, UKM) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyaga universitet rektori professor Dato Dr. Sufian Jusoh boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro grant loyihalarida hamkorlik qilish, shuningdek seminarlar, yozgi maktablar va ilmiy konferensiyalarni birgalikda tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Malayziya Milliy universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik va ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, akademik mobillik dasturlarini kengaytirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu hamkorlik ikki universitet o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, xalqaro ta’lim va ilmiy makonda yangi imkoniyatlarni yaratish hamda turizm va madaniy meros yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.