“Tillar va global tadqiqotlar” kafedrasi o‘qituvchisi M. Djurayeva tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq shoiri va jamoat arbobi Erkin Vohidov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan IR-125 guruhi talabalari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida talabalar Erkin Vohidovning hayoti va ijodiy faoliyati, o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda uning asarlarida aks etgan vatanparvarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlar haqida taqdimotlar qildilar. Shuningdek, shoirning o‘zbek she’riyatidagi o‘rni, uning ijodiga xos badiiy mahorat va serqirra adabiy merosi haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbirning amaliy qismida talabalar Erkin Vohidov qalamiga mansub she’r va g‘azallardan namunalar o‘qib berdilar, ularning mazmun-mohiyatini tahlil qildilar hamda shoir ijodining bugungi yoshlar ma’naviy kamolotidagi ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Davra suhbati tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar Erkin Vohidov ijodining zamonaviy adabiy jarayondagi o‘rni, uning asarlarida ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalar va ma’naviy qadriyatlar haqida fikr almashdilar. Qizg‘in munozaralar, savol-javoblar va ijodiy chiqishlar bilan boyitilgan tadbir talabalarda milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi hamda ularda buyuk adiblarimiz merosiga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamladi.