Bugun, 11-mart kuni universitetimizning faollar zalida yoshlar siyosati doirasidagi muhim tadbir – rektor va bitiruvchi bosqich talabalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari, viloyatimizdagi tijorat banklari mutasaddilari hamda ish beruvchi tashkilot va korxonalar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov Prezidentimizning Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi. Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yilida universitetimizning ikki ta’lim shakli bo‘yicha jami 424 nafar yosh mutaxassis o‘qishni tamomlaydi.
Uchrashuv davomida talabalarning biznes-rejalarini amalga oshirishda tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘lari, shuningdek loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda universitet tomonidan ko‘rsatiladigan amaliy yordam masalalari muhokama qilindi. Bank vakillari kredit olish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Uchrashuvning eng qizg‘in qismi bitiruvchi talabalar tomonidan tayyorlangan biznes loyihalar taqdimoti bo‘ldi. Talabalar o‘z g‘oyalarini himoya qilib, mutaxassislar hamda ish beruvchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdilar.
Bunday uchrashuvlar yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes g‘oyalarini rivojlantirish hamda mustaqil hayotga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.