“Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti “Xalqaro biznes va kreativ iqtisodiyot” kafedrasi assistent o’qituvchisi Ma’mura Ismailova tomonidan BM-125 va Mar-125 guruhi talabalari uchun navbatdagi mehmon ma’ruzasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirga Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi mutaxassisi Bekzod Saliyev taklif etilib, u talabalar uchun “O‘zbekistonda soliqlar tizimi” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Ma’ruza davomida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi soliq tizimi, soliqlarning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyati, yuridik hamda jismoniy shaxslar uchun soliq turlari, soliq imtiyozlari, soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlari hamda tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mehmon ma’ruzachi tomonidan soliq sohasidagi so‘nggi islohotlar, elektron soliq xizmatlari va yosh mutaxassislar uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan tushunchalar berildi. Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda soliq tizimining amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu mehmon ma’ruzasi talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda soliq sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qildi.