Avval xabar qilganimizdek, 18-21-may kunlari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida dunyoga mashhur Garvard universiteti professor va talabalari ishtirokida “Orzudan imkoniyatga: Garvard Samarqandda!” shiori ostida “Garvard Yoshlar Liderlik Sammiti” bo‘lib o‘tadi.
Sammit arafasida, bugun – 17-may kuni Garvard universiteti professori va talabalari Samarqandga, xususan, universitetimizga yetib kelishdi. Mehmonlar ertangi tadbirlarni yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida universitetimiz vakillari bilan muloqotlar olib borib, tadbirlarni batafsil kelishib oldilar.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, sammit ishtirokchilari Impact Challenge loyihasida qatnashib, real hayotiy muammolarga jamoaviy yechimlar ishlab chiqadilar. Shuningdek, ular Garvard uslubidagi seminarlar, yetakchilik mashg‘ulotlari va College Panels muloqotlarida ishtirok etib, Garvard talabalari bilan bevosita fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.