O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida "Kelajakka qadam" markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur markazda bitiruvchi talabalarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning loyihalarini moliyalashtirish hamda imtiyozli kredit mablag‘larini rasmiylashtirish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, "O‘zmilliy bank" Samarqand viloyati bosh boshqarmasi mas’ul xodimi ishtirokida bitiruvchi talabalar bilan muntazam ravishda ochiq muloqot va suhbatlar tashkil etilib, ularning loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida zaruriy tushuntirish va maslahatlar berib kelinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar universitetimizning 9 nafar bitiruvchi talabalari tomonidan markazga biznes loyihalar taqdim etilgan bo‘lib, shundan 7 ta loyiha bo‘yicha jami 160 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi rasmiylashtirilgan.
Mazkur amaliy ishlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyotimizga yangi-yangi startap loyihalarni jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.