“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning davomi sifatida bugun universitet delegatsiyasi Samarqanddagi “SamAuto” MCHJ QK avtomobil zavodiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida universitet rektori Muhsinjon Xolmuhamedov hamda “SamAuto” Bosh direktori Neşet Fatih Vural o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda dual ta’lim tizimini joriy etish, talabalar amaliyotini tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, “SamAuto” Turkiyaning yirik transmilliy sanoat xoldingi — Anadolu Group tarkibiga kiradi. Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida faoliyat yurituvchi, qariyb 100 ta korxona va 100 mingdan ortiq xodimlarni birlashtirgan guruh avtomobilsozlik, ichimliklar sanoati, logistika va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Anadolu Group tarkibida Anadolu Isuzu, Coca-Cola İçecek va Anadolu Efes kabi dunyoga mashhur kompaniyalar mavjud.
Tomonlar sanoat ehtiyojlariga mos zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, korxona mutaxassislarini ta’lim jarayoniga jalb etish hamda talabalar uchun amaliyot va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Mazkur tashrif ta’lim, fan va sanoat integratsiyasini mustahkamlash hamda yoshlarni xalqaro mehnat bozori talablariga mos kadrlar sifatida tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.