Universitetimiz Turizm kafedrasi v.b. dotsenti Muslima Amiriddinova hamda magistratura bosqichi talabasi Farog‘at Olimjonovaning “O‘zbekistonda hunarmandchilikni rivojlantirishda jamiyatga asoslangan meros turizmi modellarini ishlab chiqish” mavzusidagi dasturi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining mualliflik huquqi guvohnomasiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur dastur mamlakatimizda hunarmandchilik sohasini rivojlantirish, milliy merosni asrab-avaylash va uni turizm orqali keng targ‘ib etishga qaratilgan ilmiy-amaliy ahamiyatga ega tashabbus hisoblanadi. Jamiyatga asoslangan meros turizmi modellarini ishlab chiqish orqali mahalliy aholining iqtisodiy faolligini oshirish, hududlarning turistik jozibadorligini kuchaytirish hamda an’anaviy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Ushbu yutuq universitetimiz dotsenti va yosh tadqiqotchining samarali ilmiy hamkorligi, izlanishlari va tashabbuskorligining yorqin namunasidir.
Mualliflarni ushbu ahamiyatli yutuq bilan universitetimiz jamoasi nomidan samimiy tabriklaymiz va kelgusidagi ilmiy faoliyatlarida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!