Samarqand, 6-iyul. – Turizm qo‘mitasi tashabbusi va “Oman Air” aviakompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan info-tur doirasida Ummon Sultonligining yetakchi turoperatorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqandning turizm salohiyati bilan tanishdi. Mehmonlar, shuningdek, turizm va madaniy meros sohalariga mutaxassislar tayyorlab beruvchi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga ham tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar universitet faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng B2B formatidagi biznes uchrashuv tashkil etilib, unda Ummonning yetakchi turoperatorlari va mahalliy turizm kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazildi .
Uchrashuvda yangi turistik mahsulotlarni yaratish, qo‘shma sayohat dasturlarini ishlab chiqish hamda ziyorat, madaniy, ekologik va oilaviy turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi . Mehmonlar Samarqandning tarixiy-me’moriy obidalari, UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros maskanlari, zamonaviy mehmonxonalar, transport-logistika tizimi va yangi turizm obyektlariga yuqori baho berdi .
Ushbu tashrif ikki mamlakat turizm biznesi vakillari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlanishiga zamin yaratdi .