Joriy yilning 3-6 may kunlari Samarqand turizm markazida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining 159 nafar talabasi volontyor sifatida faol ishtirok etdi.
Ahamiyatlisi, tashkilotchilar tomonidan aksariyat talabalarga minnatdorchilik bildirilib, ularning samarali mehnatlari yuqori darajada e’tirof etildi. 8-iyun kuni universitet faollar zalida barcha volontyor talabalarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov ishtirok etib, ko‘ngillilarga samimiy minnatdorchilik izhor qildi va ularni kelgusi xalqaro tadbirlarda yanada faol bo‘lishga chaqirdi.
Rektor alohida faollik ko‘rsatgan va tashkilotchilar tomonidan minnatdorchilik bildirilgan talaba Xushnud Hamroqulovga Amerikadan keltirilgan maxsus sovg‘a kitobni tuhfa qildi va o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi. Shuningdek, tadbirda volontyorlik faoliyatida ishlagan talabalar moddiy jihatdan ham rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgani ma’lum qilindi.