“Yozma va og‘zaki tarjima tadqiqotlari” kafedrasi o‘qituvchilari M. Baymatova va S.Azizova 2025-yil uchun Sejong instituti jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan koreys tili o‘qituvchilarini tayyorlash dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Mazkur dastur koreys tili ta’limi bo‘yicha yuqori malakali pedagoglarni tayyorlash, zamonaviy o‘quv uslublarini keng joriy etish, hamda xalqaro standartlarga mos o‘qitish metodikasini rivojlantirishni maqsad qilgan. M.Baymatova va S.Azizova ushbu dastur doirasida nazariy bilimlar, amaliy mashg‘ulotlar, innovatsion pedagogik yondashuvlar, dars jarayonida multimedia vositalaridan samarali foydalanish, baholash tizimlari va til o‘rgatishning zamonaviy strategiyalari bo‘yicha chuqur tayyorgarlikdan o‘tishdi.
O‘quv jarayonining har bir bosqichini puxta o‘zlashtirgan o‘qituvchilar barcha talab etilgan kurslarni to‘liq yakunlab, yuqori natijalar bilan sertifikatga ega bo‘lishdi. Ularning bunday yutug‘i kafedraning ilmiy va pedagogik salohiyatini yanada mustahkamlaydi, koreys tili ta’limi sifatini oshirishga xizmat qiladi.