Qashqadaryoda o‘qituvchilarimiz tomonidan seminar-trening tashkil qilindi
2026-yil 6-may kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Totar mahalla fuqarolar yig‘inida “Yashil” tamoyillarga asoslangan uy mehmonxonalarini tashkil etish, turizm xizmatlari sifatini oshirish va xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini rivojlantirish mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Turizm kafedrasi professor-o‘qituvchilari turizm sohasida faoliyatini boshlagan hamda ushbu sohada ishlash istagida bo‘lgan mahalla fuqarolariga zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar berishdi. Ayniqsa, ekologik toza, mahalliy madaniyat va tabiatni asrovchi “yashil” mehmonxona standartlari, mehmonlar bilan muloqot qilish odobi va xizmat ko‘rsatish sifati masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar o‘z hududlarida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy tavsiyalar oldilar.