Universitetimiz olimlari University College London va Kembrij universiteti qoshidagi King’s kollejida ma’ruzalar qilishdi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Tarix va madaniy meros kafedrasi professor-o‘qituvchilari – professor Nargis T. Nurulla-Xo‘ja va dotsent Mastura Sidikova Buyuk Britaniyaning ikki nufuzli ilmiy muassasasi – University College London va Kembrij universiteti qoshidagi King’s kollejida “Ipak yo‘li” dasturi doirasida mehmon ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
University College London dunyoning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lib, 150 dan ortiq mamlakatdan olim va talabalarni birlashtirgan yirik intellektual markaz hisoblanadi. Kembrij universiteti esa dunyodagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim maskanlaridan biri sifatida global ta’lim, ilm-fan, tadqiqot va akademik an’analarning kuchli markazi hisoblanadi. 1441-yilda asos solingan King’s kolleji esa ushbu tarixiy muhitda o‘zining boy intellektual merosi va ilmiy hayotga qo‘shgan hissasi bilan alohida o‘ringa ega.
Ilmiy uchrashuvlar davomida o‘zbekistonlik olimlar O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar qildilar.
Professor Nargis T. Nurulla-Xo‘ja sug‘diylar merosi, xususan, ularning madaniy an’analari, tarixiy merosi hamda ularning ijtimoiy va marosimiy hayoti haqida ma’ruza qildi.
Dotsent Mastura Sidikova o‘z ma’ruzasida Samarqandning shahar va ijtimoiy hayotida guzar va mahallalarning tarixiy roliga e’tibor qaratdi. Unda mahallalarning madaniy, jamoaviy va ijtimoiy ahamiyati hamda shahar tarixiy rivojidagi o‘rni yoritildi.
Tadbir davomida King’s kolleji provosti Gillian Tett “Ipak yo‘li” dasturi doirasida bunday ma’ruzalarni qabul qilishdan mamnunligini bildirdi. U muassasalar o‘rtasidagi akademik va ilmiy hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Akademik tashrif doirasida professor Nargis T. Nurulla-Xo‘ja o‘zining “Turizmda madaniy meros” kitobini Kembrij universiteti kutubxonasiga sovg‘a qildi. Ushbu nashr Xalqaro universitet tomonidan “Ipak yo‘li” turizmi va madaniy meros tadqiqotlari yo‘nalishida yaratilgan ilk akademik asarlardan biri hisoblanadi.
Tashrif universitetning xalqaro akademik hamkorlik aloqalarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, u O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon ilmiy hamjamiyatiga tanitishga xizmat qildi va turizm, madaniy meros hamda “Ipak yo‘li” tadqiqotlari sohasida hamkorlikda yangi loyihalar uchun istiqbolli imkoniyatlar ochdi.