2026-yil 17-iyun kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Yevropa Ittifoqi hamkorligidagi ERASMUS+ CBHE dasturining QUARTZ loyihasi doirasida “Strategiyadan amaliyotga: Oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash (QA) jarayonlarini joriy etish” mavzusida loyiha natijalarini ommalashtirishga bag'ishlangan seminar o'tkazildi.
Mazkur seminarning maqsadi loyiha natijalarini ommalashtirish, oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash tizimlarini takomillashtirish hamda xalqaro tajribalarni keng joriy etish masalalariga qaratildi. Seminarda Samarqand viloyatidagi davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini ta’minlashga mas’ul vakillari ishtirok etib, zamonaviy sifat menejmenti yondashuvlari yuzasidan fikr va tajriba almashdilar.
Tadbir davomida oliy ta’limda sifat va sifatni ta’minlashning asosiy tamoyillari, Sifatni ta’minlash (QA) tizimining strategik, operatsion va qo‘llab-quvvatlovchi jarayonlarini shakllantirish, “uchinchi missiya” doirasida sifat ko‘rsatkichlari va o‘lchovlarini belgilash, shuningdek, sifatni ta’minlash strategiyasini amaliyotga samarali tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari sifatni ta’minlash strategiyasini samarali amalga oshirish orqali ta’lim jarayonlarining natijadorligini oshirish, talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos ta’lim muhitini shakllantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar yakunida sifat madaniyatini rivojlantirish, ta’lim jarayonlarini doimiy takomillashtirish va oliy ta’lim muassasalari raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.