2025-yil 4–5-dekabr kunlari universitetimiz vakillari Ozarbayjon davlat Iqtisodiyot universiteti tomonidan tashkil etilgan Iqtisodiyot va ijtimoiy fanlar tadqiqotchilari uchun II Xalqaro konferensiya (ICRESS-2025)da ishtirok etib qaytdilar. Tadbir davomida ular faol qatnashib, “The Impact of Infrastructure on Sustainable Tourism Development” mavzusida ma’ruza qilishdi.
Konferensiyaga 9 yo‘nalish bo‘yicha 200 dan ortiq maqola taqdim etilgan bo‘lib, ulardan 185 tasi nashr uchun qabul qilingan. Shuningdek, AQSh, Xitoy, Vengriya, Italiya, Turkiya va boshqa mamlakat tadqiqotchilaridan kelgan 32 ta xorijiy maqola ham konferensiya to‘plamiga kiritilgani qayd etildi.
Mazkur tadbirda ishtirok etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — nomoddiy madaniy merosni himoya qilish, saqlash va innovatsion rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, shuningdek uni turizm sohasi bilan samarali integratsiya qilish yo‘llarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Safar doirasida universitet vakillari EvroOsiyo universitetiga ham tashrif buyurib, mazkur oliygoh rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishdi.