O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 21-apreldagi 01-16-241-sonli Chora-tadbirlar dasturining 107.4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 15-may kuni Urgut tumanining Tersak va Sovg‘on qishloqlarida turizm va servis korxonalari mutaxassislari hamda mehmon uylari egalari uchun seminar-treninglar tashkil etildi.
Seminar davomida “Turizm va servis sohasida zamonaviy xizmat ko‘rsatish talablari hamda kasbiy kompetensiyalar” hamda “Turistik hudud salohiyatini baholash va mahalliy turistik mahsulotlarni shakllantirish” mavzulari bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi. Tadbirda mehmonlarni kutib olish va ularga sifatli xizmat ko‘rsatish, mehmon uylari faoliyatida servis madaniyatini oshirish, xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, shuningdek, mahalliy turistik mahsulotlarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Tersak va Sovg‘on qishloqlarining turistik imkoniyatlari, qishloq turizmi, milliy urf-odatlar, hunarmandchilik va mahalliy gastronomiyani turistik mahsulot sifatida rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.