“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari Turkiyaning yetakchi besh yulduzli mehmonxonalarida yozgi Work & Travel amaliyot dasturida ishtirok etmoqda.
Xalqaro amaliyot doirasida talabalar turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, real ish jarayonlari bilan tanishish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xorijiy tillardagi muloqot qobiliyatlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mazkur amaliyot talabalarga xalqaro ish muhiti tajribasini o‘zlashtirish, zamonaviy mehmondo‘stlik standartlari bilan tanishish va kelajakdagi xalqaro faoliyati uchun muhim tajriba to‘plash imkonini bermoqda.
Universitet uchun bunday xalqaro dasturlar xorijdagi hamkorlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, talabalar uchun amaliy tayyorgarlik imkoniyatlarini kengaytirish va global turizm sanoati talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.