“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tarjima san’ati va badiiy so‘zga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitetning Yozma va og‘zaki tarjima nazariyasi kafedrasi tomonidan tashkil etilib, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” yo‘nalishi talabalari tomonidan yuksak saviyada tayyorlandi.
Tadbir davomida badiiy she’r va nasr asarlaridan parchalar o‘qildi, turli mualliflar asarlarining tarjimalari namoyish etildi hamda bir tildan boshqa tilga tarjima qilishda ma’no va uslubning to‘g‘ri yetkazish xususiyatlari yuzasidan qiziqarli muhokamalar olib borildi.
Universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov adabiy kechada ishtirok etib, bugungi kunda talabalarning o‘z iqtidori va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun barcha zaruriy imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi. Rektor yoshlarning tarjima sohasidagi izlanishlarini yuqori baholab, kelgusida ham bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.