Samarqand yana bir bor xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylandi. Shahrimizda 24-25-iyul kunlari yuksak saviyada o‘tkazilgan "Birodar shaharlar xalqaro forumi" dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan delegatsiyalar, ekspertlar va rasmiy vakillarni bir maydonga jamladi.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari volontyor sifatida faol ishtirok etib, forumning muvaffaqiyatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shdilar.
Volontyor talabalar xorijiy mehmonlarni kutib olish, delegatsiyalarga hamrohlik qilish, tashkiliy jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash hamda forum davomida samimiy va professional mehmondo‘stlik muhitini yaratishda o‘zlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini namoyon etdilar.
Bunday xalqaro tadbirlardagi ishtirok talabalar uchun nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, xorijiy delegatsiyalar bilan muloqot qilish, xalqaro protokol, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishda muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universitetida yoshlarning xalqaro maydondagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va amaliy tajribasini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.