Samarqand, 24-iyun — “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Professional ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi mutasaddilari tomonidan Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi bitiruvchi kurs o‘quvchilari bilan ochiq muloqot va targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-son qaroriga asosan oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlarisiz, faqat suhbat orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri bakalavriatning 2-bosqichiga qabul qilinish imkoniyati batafsil tushuntirildi.
Tadbir davomida talabalarga suhbatdan o‘tish tartibi, zarur hujjatlar ro‘yxati, ariza berish muddatlari hamda 2-bosqichda tahsil olishning afzalliklari haqida to‘liq ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan javoblar oldi.
Universitet vakillari barcha texnikum bitiruvchilarini mazkur imkoniyatdan foydalanishga chaqirdi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun universitetning rasmiy veb-sayti va qabul komissiyasiga murojaat qilish tavsiya etildi.