10-iyun kuni Madrid shahrida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi o‘z ishini boshladi. To'rt kunlik tadbir Ispaniya Qirolligining Madrid va Barselona shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forumda O‘zbekistondan 30 nafarga yaqin rektor ishtirok etmoqda. Jumladan, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Muxsinjon Xolmuxamedov ham ushbu forumda qatnashmoqda.
Tadbir doirasida Ispaniyaning yetakchi universitetlari bilan ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish, ma’ruza, seminar va mahorat darslarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, uchrashuvlar yakunida istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik memorandumlari va kelishuvlarini imzolash, xalqaro tajribani o‘rganish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bugun 11-iyun kuni forum o‘z ishini davom ettirmoqda. Forum doirasidagi tadbirlar bilan tanishtirib boramiz.