Bugun, 24-iyun kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Samarqand shahri va viloyatidagi umumta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tili fanidan Viloyat hokimi fan olimpiadasi boshlandi.
Olimpiada ishtirokchilarini universitet rektori Muhsin Xolmuxamedov samimiy qutlab, ularga bilimlar bellashuvida muvaffaqiyat, yuqori natijalar va omad tiladi. Tadbirning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha zarur tashkiliy choralar ko‘rilgan. Xususan, ishtirokchilarning ota-onalari uchun imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, maxsus monitorlar orqali jarayonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda. Olimpiada yakunlariga ko‘ra, 10-sinflar va 11-sinflar kesimida eng yuqori natija qayd etgan 3 nafardan g‘olib aniqlanadi hamda ular diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan ushbu olimpiada belgilangan nizom asosida davom etmoqda.