Atrof-muhitni asrash, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik madaniyatni oshirish maqsadida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Qogʻozsiz bir kun” nomli respublika eko-aksiyasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbir universitet hududidagi “Eko burchak” atrofida tashkil etilib, talabalarning ekologik ongini yuksaltirish va tabiatga bo‘lgan munosabatni shakllantirishga qaratildi.
Aksiya davomida talaba va o‘qituvchilar kundalik faoliyatda ortiqcha qog‘oz sarfini kamaytirish, hujjat almashinuvida elektron tizimlardan foydalanish, shuningdek, qayta ishlash madaniyatini rivojlantirish borasida targ‘ibot ishlarini olib bordilar.
Tadbir jarayonida talabalar “Qogʻozsiz ofis”, “Elektron hujjat — ekologik yechim” kabi shiorlar ostida chiqishlar qilib, ekologik mas’uliyatni oshirishga qaratilgan taqdimot va muhokamalarda faol ishtirok etdilar.
“Qogʻozsiz bir kun” eko-aksiyasi nafaqat tabiatni asrash, balki universitet jamoasida ekologik madaniyat va ongni mustahkamlashga xizmat qildi.