Viloyat hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish kengashining navbatdagi majlisi Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Adiz Boboev, kengash a’zolari, tegishli idora va tarmoqlar rahbarlari, tuman hokimlari hamda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda hududda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqbolli loyihalar, mavjud muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, 2025 yilda viloyatga 3 milliondan ortiq xorijiy va 5 million 300 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 25 foizga oshgan. Turizm xizmatlari eksporti hajmi esa 621,1 million AQSh dollariga yetdi.
Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualarining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida Indoneziya va Malayziya aviakompaniyalari bilan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “Sharq taomlari” xalqaro festivali, “Sharq shirinliklari” ko‘rgazmasi, paraplan va havo shari parvozlari, avto-moto drift shoular hamda etno o‘yinlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Samarqand shahrida sayyohlar uchun vertolyotda sayr qilish xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlarda ham qator yirik turistik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi “Sheroz qal’a” arxeologik yodgorligi hududida etnoqishloq, Urgut tumanining Uzunsoy mahallasida ekovillaj va havo sharida uchish xizmatlari, Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofida botel va plyaj barpo etilishi rejalashtirilgan. Nurobod tumanining Mehnatkash hududida zamonaviy dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari tashkil etiladi. Qo‘shrabot tumanining Pangat qishlog‘idan Navoiy viloyatidagi Sentop turizm qishlog‘igacha yangi ekstremal turizm yo‘nalishi ochiladi. Toyloq tumanidagi o‘rmon xo‘jaligi hududida esa tabiat qo‘ynida dam olishga mo‘ljallangan turistik loyiha amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda Samarqand tajribasi sifatida “Samarqand turizm korporatsiyasi” loyihasi taqdimot qilindi. Mazkur loyiha Xitoyning “Xi’an Tourism Group” tajribasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, viloyat turizm boshqarmasi bilan hamkorlikda turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni birlashtirishni maqsad qilgan.
— Ushbu loyiha doirasida Samarqanddagi mehmonxona, restoran va turistik transport korxonalarini yagona tizimga birlashtirib, raqobatbardosh mahsulot yaratishni ko‘zda tutyapmiz, — deydi “Shahrezada Sam Star Tour Discover” kompaniyasi rahbari Tolib Jahongirov. — “STK” brendi ostida mualliflik festivallari, logistika markazi, aviakassa xizmatlari, kirish va chiqish turizmi hamda ichki turizm yo‘nalishlarida tur paketlar taqdim etiladi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi Adiz Boboev bildirilgan taklif va mulohazalar asosida turizm sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish, xizmatlar sifatini oshirish, yashirin iqtisodiyotga barham berish, tadbirkorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.