2026-yil 17-mart kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida oliy ta’lim muasassalari bitiruvchilari uchun “Bitiruvchilarning bandligini ta’minlash va biznes g‘oyalarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar” mavzusida “Yoshlar bilan ochiq muloqot” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida tashkil etildi. Unda Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchi talabalari, mas’ul xodimlar va bank tizimi vakillari ishtirok etdi. Dastlab tadbirda respublika “Kelajakka qadam” markazi rahbari so‘z olib, banklar tomonidan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish, haq to‘lanadigan amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bugungi kunga qadar 6 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlar tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinganligi va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 378 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilganligi ta’kidlandi. Shuningdek tadbirda bitiruvchi talabalarning biznes loyihalarini hayotga tadbiq qilinishida nafaqat tijorat banki balki boshqa mas’ul tashkilotar ham jalb qilingan holda yoshlarga tadbirkorlik shart-sharoitlari yaratilishi xususida aytildi. O‘zaro ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda talabalarning g‘oyalari, takliflar va tashabbuslari, startap loyihalar muhokama qilindi.