Universitetimiz birinchi bosqich talabalari tashabbusi bilan “Madaniyatlar birligi – Ethnoworld” nomli rang-barang va mazmunli tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirning bosh maqsadi – turli xalqlarning boy madaniy merosi, urf-odatlari, an’analari va qadriyatlarini namoyish etish, shuningdek, talabalar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashdan iborat edi.
Tadbir davomida ishtirokchilar dunyoning turli burchaklariga sayohat qilgandek bo‘lishdi. Talabalar o‘zlariga biriktirilgan davlatlarning milliy kiyimlarini namoyish etishdi, an’anaviy taomlaridan tatib ko‘rish imkoniyati yaratildi, milliy raqslar va kuy-qo‘shiqlar esa bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Shuningdek, turli millatlar san’ati, qo‘l mehnati namunalaridan iborat ko‘rgazmalar ham tashkil etilib, mehmonlar e’tiboriga havola qilindi. Har bir madaniyatning o‘ziga xosligi, boy tarixi va go‘zalligi tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.
“Madaniyatlar birligi – Ethnoworld” nafaqat talabalarning iqtidor va ijodini namoyish etdi, balki ularning qalbida madaniy xilma-xillikka hurmat, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuv tuyg‘usini yanada chuqurlashtirdi. Tadbir barcha uchun iliq xotiralar, ijobiy ruh va kelajakda ham shunday ma’naviy, ijodiy loyihalarni davom ettirishga ilhom manbai bo‘ldi.