Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari forumi doirasida universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov xalqaro hamkorlikning yangi strategiyalariga bag‘ishlangan panel sessiyasida ishtirok etdi.
Sessiya davomida rektorimiz tomonidan quyidagi fikrlar ilgari surildi:
I. Hozirgi vaqtda universitet strategiyasini yangilash ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonda barcha manfaatdor tomonlar (Steykholderlar) — hukumat organlari, hududiy hokimliklar va biznes vakillari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qaror qabul qilish jarayonlaridagi universitetning faol ishtirokini ta’minlash, ilmiy-intellektual salohiyat va tadqiqot imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda iqtidorli yoshlar uchun munosib “ijtimoiy lift”larni yaratish orqali ularni mahalliy darajadan global darajaga olib chiqish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Ushbu vazifalarni bajarishda katta hajmli ma’lumotlar (Big data) va sun’iy intellekt texnologiyalaridan faol foydalalaniladi.
Misol uchun, universitetimiz hozirda BMT Turizm tashkilotining birinchi va yagona hamkor universiteti hisoblanib ushbu tashkilot bilan TedQual xalqaro akrreditatsiya sertifikatini olish, INSTO — Xalqaro barqaror turizm observatoriyalari tarmog‘iga a’zo bo‘lish, tashkilotning ma‘lumotlar bazalari va electron kutubxonasidan foydalanish hamda Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasi bo‘yicha yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birgalikda, joriy yilning 11-iyun kuni ushbu tashkilot bilan yangi hamkorlik yo‘nalishdlarida quyidagi ijobiy kelishuvlarga erishildi:
1. Turizm sohasi mutaxassislari malakasini oshirish maqsadida BMT Turizm tashkilotining Sun’iy intellekt yordamida ishlovchi onlayn kurslari platformasini o‘zbek tiliga tarjima qilish. Bunda nafaqat mamlakatimiz balki Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar aholisi, yoshlar, chekka hududlardagi xotin-qizlar uchun asosiy va qo‘shimcha hunar egallash imkoni yaratiladi. Shu bilan birgalikda kurslarni yakunlagan tinglovchilar uchun baholash va sertifikatlash amaliyotini joriy etib, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga erishiladi.
2. Mamlakatimiz hunarmandlari tajribasi asosida BMT Turizm tashkilotining maxsus platformasi uchun videokontent va kurslar ishlab chiqish. Ushbu kurslar yordamida yoshlarning hunarmandchilikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, yosh hunarmandlarni tayyorlash va O‘zbek hunarmandchiligini dunyoga namoyon qilish imkoni yaratiladi.
3. BMT Turizm tashkiloti tomonidan nashr etilgan turizm sohasida muhim hisoblangan adabiyotlar va maqolalar o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.
4. O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim, maktab va texnikumlarda turizm fanini o‘qitish metodologiyasini ishlab chiqishda BMT Turizm tashkiloti bilan hamkorlik qilinadi.
II. Turizm sohasining Ispaniya YAIMdagi ulushi 12 foizni tashkil qiladi, yillik turistlar oqimi esa 100 milliondan ortiq bo‘lib, mamlakat aholisining 13 foizi ushbu sohada faoliyat yuritadi. Mamlakatimizda esa 2030-yilgacha turizm sohasining YAIMdagi ulushini 7 foizga va yillik turistlar oqimini 12 millionga yetkazish belgilangan. Ushbu natijaga erishish maqsadida biz uchun Ispaniyaning turizm sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, BMT Turizm tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda Ispaniya universitetlari bilan hamkorlik qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.
III. Bugungi kunda 150 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar xorijiy davlatlarda tahsil olmoqda. UNESCO statistik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro talaba mobilligi bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari qatoridan joy olgan. Bu esa yoshlarimizning xalqaro dunyoqarashi, yangi muhitga tez moslasha olishi hamda sifatli ta’lim olishga bo‘lgan intilishining yaqqol ifodasidir.
IV. BMT Turizm tashkiloti bilan hamkorlikda turizm sohasi mutaxassislari malakasini oshirish va yoshlarni turizm sohasidagi bilimlarini mustahkamlash maqsadida sun’iy intellekt asosida ishlovchi maxsus platforma yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platforma BMT Turizm tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan onlayn kurslar va ma’lumotlar bazasi asosida tashkil qilinadi.
V. Universitetni Markaziy Osiyo mintaqasida turizm, mehmondo‘stlik, madaniy meros, kreativ iqtisodiyot va “Ipak yo‘li” tadqiqotlari bo‘yicha xalqaro tan olingan markazga aylantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Imom Al-Buxoriy majmuasi va Islom Sivilizatsiyasi markazi kabi majmualarning ishga tushirilishi, yangi temir yo‘l yo‘nalishlari qurilayotganligi va aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi muhim omillardan bo‘lib hisoblanadi.
VI. Ispaniya universitetlari tajribasi asosida universitetimizda mahalliy va xalqaro miqyosdagi ijtimoiy ehtiyojlarni qadrlovchi mutaxassislarni tayyorlash g‘oyasini rivojlantirish hamda Ispaniya universitetlarida mavjud Smart turizm laboratoriyalari bilan hamkorlik qilish, turizm sohasi tadqiqotchilari va mutaxassislarini universitetimizga jalb qilish asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.
VII. Shuningdek Prezidentimiz Markaziy Osiyoda faol tinchlikparvar pozitsiyani ilgari surmoqda. Buning natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni sezilarli darajada oshib, turizm xizmatlari eksporti 3,5 mlrd AQSH dollariga yetdi. Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi markazining dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida e’tirof etilishi, shuningdek, Imom Al-Buxoriy majmuasining keng ko‘lamli rekonstruksiya qilinib, kuniga 65 ming nafargacha ziyoratchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi mamlakatimizning ziyorat va madaniy turizm salohiyatini yanada oshirmoqda. Mazkur jarayonlar turizm sohasidagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun muhim asos yaratadi.