Reja asosida tashkil etilgan holda, talaba-qizlarning yashash sharoitlari bilan tanishish, xonadon egalarining talaba-qizlar haqidagi fikrlarini o‘rganish maqsadida, 2025-yil 2-oktabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti xotin-qizlar kengashi raisi M. Abbasova hamda psixolog D. Turdiyeva tomonidan ijarada yashovchi talaba-qizlarning yashash manzillariga navbatdagi tashrif amalga oshirildi.
Ushbu safar doirasida mas’ul shaxslar 2-bosqich talabasi M. Shokirjonova hamda 3-bosqich talabalari S. Qurbonova va M. To‘rayevalar yashayotgan ijara xonadonini ko‘zdan kechirdilar. Suhbat davomida ijara shartnomasining shartlariga rioya qilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif davomida talaba-qizlarning yashash sharoitlari, xonadonlarning yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik xavfsizlik talablariga mosligi to‘liq o‘rganildi. Shuningdek, shaxsiy gigiyenaga rioya etilishi, universitetda amal qilinadigan odob-axloq qoidalariga bo‘lgan munosabat, yangi o‘quv yiliga moslashish jarayoni, ularning ruhiy holati va tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha suhbat o‘tkazildi.
Universitet vakillari tomonidan talabalar har qanday holatda ham e’tiborsiz va yordamdan chetda qolmasliklari, ular doimo qo‘llab-quvvatlanishi haqida tushuntirishlar berildi.
Ijara xonadonlariga tashriflar rejaga muvofiq davom ettirilmoqda.