Joriy yilning 22-iyun kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan “Turizm va ijodiy iqtisodiyotga e'tibor qarating” mavzuida xalqaro kongress o‘tkazildi. Anjumanda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov onlayn ishtirok etib, bugungi kunda sohani rivojlantirishda amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi va kongress ishiga omad tiladi.
Ma’lumki, keyingi yillarda Prezidentimizning sohani rivojlantirish maqsadida qabul qilgan qator farmon va qarorlari natijasida soha yanada yuksalib, xorijlik turistlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishi oshib bormoqda. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘z olib, bugungi kunda qator rivojlangan davlatlar fuqarolarining Samarqandga kelishi bir munchaga oshganligi, buning natijasida transport, mehmonxona, gastronomik kabi xizmat ko‘rsatish sohalarida iqtisodiy yuksalish yuz berayotganligini gapirdi. Xalqaro kongressda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor, o‘qituvchilari ham o‘zlarining bir biridan qiziqarli bo‘lgan ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.