Universitetda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti direktori Evren Rutbil bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida universitet rektori M. Xolmuxammedov universitet va tadqiqot markazi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda akademik aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida turizm, arxeologiya hamda madaniy meros yo‘nalishlarida birgalikdagi ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun tadqiqot markazining ilmiy fondi va resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Ipak yo‘li hududida joylashgan mamlakatlarning tarixi, madaniyati va arxeologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.