“Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Samarqand viloyati Sport boshqarmasi hamkorligida, 5 tashabbus loyihasi doirasida mahalla o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida STOL TENNISI bo‘yicha chempionat tashkil etildi.
Tadbirni Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ushbu chempionatning yoshlarda sog‘lom raqobat, jamoaviylik va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirishdagi o‘rni, shuningdek, sportning inson hayotidagi muhim ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda, shuningdek, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xusan To‘xtaev, viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, universitet rahbariyati, mahalla yetakchilari va yoshlar ishtirok etdilar. Rasmiy mehmonlar tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sport orqali o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish zarurligi ta’kidlandi.
Musobaqa yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va ularning iqtidorini namoyon etish uchun ajoyib maydonga aylandi. Musobaqada ishtirok etgan yosh sportchilar o‘zlarining epchilligi, chaqqonligi va mahorati bilan barchani hayratda qoldirdilar.
Stol tennisi bo‘yicha kechgan bahslar nafaqat o‘zaro bellashish, balki do‘stlik, jamoaviylik va ijobiy muhit yaratgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.